O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, Elchi Jon Mak Gregorni mamlakatimizdagi missiyasi yakunlanayotgani munosabati bilan qabul qildi.
O‘zbekiston va YeXHT o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning holati va istiqbollari to‘g‘risida fikr almashdi.
Tomonlar YeXHTning amaldagi raisi, Shvetsiya tashqi ishlar vaziri Ann Lindening O‘zbekistonga tashrifi natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Bundan tashqari, koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish bo‘yicha birgalikdagi ishlar borasida fikr almashdi.
YeXHTning O‘zbekistondagi turli loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha 2021-2022 yillardagi «yo‘l xaritasi»ga kiritilgan hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Suhbat yakunida Vazir Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatoriga samarali faoliyati va O‘zbekiston bilan tashkilot o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasi uchun minnatdorlik bildirdi.
Jon Mak Gregor YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori sifatidagi faoliyatini amalga oshirishda ko‘rsatilgan har tomonlama yordam uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.