Inson uchun, ayniqsa xalqimiz uchun hayotda eng muhimi – tinch va shinam uy-joyi bo‘lishi.

Aynan shu sohada yillab amaliy ishlar qilinmagani oqibatida uy-joy narxlari keskin oshib ketgani va oddiy odamlar bundan aziyat chekkani sir emas.

Keyingi yillarda uy-joy qurilishiga e’tibor kuchaytirildi, ipoteka kreditlari joriy qilindi. Shunga qaramay aholining ushbu ehtiyoji hali to‘laqonli qondirilganicha yo‘q. Boisi yuqorida aytilganidek, soha e’tibordan chetda qolgani uchun aynan ushbu ehtiyoj keskin kuchaygan.

Oliy Majlis Senati yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva ushbu masalaga e’tibor qaratib, uy-joy masalasi odamlar hayotida birlamchi o‘ringa chiqqanini qayd etdi. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi chiqishlar va ko‘p sonli murojaatlardan ham bilib olish mumkin.

Bu masala davlatimizning doimiy e’tiborida. Ayniqsa, joriy yilda aholini uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha katta marralar olingan, ya’ni 54 ming oilani uy-joy bilan ta’minlash rejalashtirilgan. Ko‘plab imtiyoz va yengilliklar berilmoqda.

Ma’lumki, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan uy-joy ta’minotida adolatli tizim yaratish maqsadida xalq deputatlari mahalliy Kengashlari huzurida Xalqparvar komissiyalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Senat kengashi qarori bilan mazkur komissiyalarning namunaviy nizomi hamda namunaviy tarkibi tasdiqlandi.

Mazkur komissiyalar joylardagi senatorlar, deputatlar, mahalla va oila, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari rahbarlari, bank boshqaruvchilari hamda OAV, jumladan blogerlardan iborat tarkibda shakllantirildi.

Komissiyalar uy-joyga muhtoj fuqarolar ro‘yxatini shakllantirish, aholi uchun qurilayotgan uy-joylarga yer maydonlari ajratish bo‘yicha qarorlar qabul qiladi.

Shu bilan birga, qurilish ishlarini sifatli amalga oshirish va o‘z muddatida tugatish, ipoteka krediti, subsidiyalar oluvchilar o‘rtasida mablag‘larni adolatli taqsimlash, sohada byurokratiya, sansalorlik va boshqa ma’muriy to‘siqlarning oldini olish, qurilish tashkilotlarini tanlashda shaffoflikni ta’minlash kabi masalalarda kompleks nazorat olib boradi. Targ‘ibot-tushuntirish ishlarini amalga oshiradi.

Senat raisining qayd etishicha, yaqinda senatorlar  hududlarda bo‘lib, Xalqparvar  komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish ishlarida mahalliy kengashlarga yaqindan ko‘mak bergan.

     Norgul Abduraimova, O‘zA