“Ezgu Amal” nodavlat notijorat xayriya fondi tomonidan “O‘zbekiston bilan birdamlik” loyihasi doirasida Nukus shahridagi shoshilinch tibbiy yordam markazida kislorod stansiyasi qurildi.

Bu COVID-19 ga qarshi kurashda insonparvarlik yordami doirasida amalga oshirildi. Uskuna xayriya mablag‘lari va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki (YeTTB) xodimlari granti hisobidan sotib olingan.

Soatiga 10 kubometr quvvatga ega kislorod stansiyasi o‘pkaning sun’iy shamollatilishiga muhtoj bemorlarni doimiy ravishda kislorod bilan ta’minlash imkoniyatini beradi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, uskuna 95 foiz to‘yingan kislorodni uzluksiz yetkazib berish kuchiga ega. Ushbu stansiyalar pandemiya sharoitida ham uzoq muddatli istiqbolda ham foydalidir.

Kislorod stansiyalari Belgiyaning “Atlas Copco Airpower N.V.” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan. Ushbu kompaniya kislorod generatorlarini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoda yetakchilardan biri hisoblanadi. O‘zbekistonda mazkur kompaniyaning o‘z vakili bor bo‘lib, u “AC Energy” MCHJ xizmat ko‘rsatish markazi sifatida faoliyat yuritadi.

«Ezgu Amal» bu O‘zbekistonda ko‘ngillilar tomonidan tashkil qilingan fonddir. U 2018 yildan buyon yurtimizda faoliyat yuritadi.

Fond onkologik hamda og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlarga, nogironligi bor insonlarga hamda jamiyatda qiyin ahvolga tushib qolgan xalq qatlamiga tibbiy xizmat xarajatlarini to‘lab berish va psixologik qo‘llab-quvvatlash bilan shug‘ullanadi.

2020 yilda, ya’ni qat’iy karantin choralari joriy qilingan davrda fond tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi aholisiga yordamlar ko‘rsatildi. Xususan, «O‘zbekiston, nafas ol!» aksiyasi doirasida 30 ta kislorod konsentrator apparati, 105 dona pulsoksimetr va 29 dona nogironlar aravachasi, onkologik kasallangan xotin-qizlarga kimyo terapiya preparatlari, YeTTB tomonidan “O‘zbekiston bilan birdamlik” loyihasi bilan hamkorlikda “Stop COVID-19” aksiyasi doirasida 400 ta xonadonga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Qish oylarida “Saxiy qo‘llar” fondi va “Inter Koal Treyd” kompaniyasi hamkorlikda olis hududlarda qiyin sharoitda qolgan aholiga 8 tonna ko‘mir yetkazildi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA