Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risidagi masala yuzasidan yuborilgan parlament so‘roviga bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.Husanovning javobi atroflicha ko‘rib chiqildi.

Parlament so‘roviga javobda qayd etilganidek, so‘nggi to‘rt yil ichida tashqi mehnat migratsiyasi masalasini tartibga solishga qaratilgan tizimli islohotlar mazkur sohadagi ko‘plab muammolarni bartaraf qilish va fuqarolar uchun zarur qulaylik yaratish imkonini bermoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishi mustahkamlab qo‘yildi. Mehnat migratsiyasi jarayonlarini tartibga solishda ijobiy natijalarga erishilmoqda.

Vazirlik taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xorijiy davlatlarning salohiyatli ish beruvchilarini qidirib topish va hamkorlik o‘rnatish natijasida O‘zbekiston bozori uchun 65 mingta bo‘sh ish o‘rni aniqlandi. Xorijdagi mavjud ish o‘rinlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar vazirlik va Agentlikning rasmiy axborot manbalarida va “labor-migration” dasturiy majmuasida yoritib borilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini tashkiliy tanlov asosida vaqtinchalik mehnat faoliyatiga jalb qilish bo‘yicha Rossiya, Qozog‘iston, BAA, Chexiya Respublikasining bir qator ish beruvchi korxonalari bilan kelishuv shartnomalari imzolangan.

Shuningdek, «Ishga marhamat» monomarkazida Moskva shahridagi Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi filiali ochildi. Germaniya Federativ Respublikasi hamda Kanada kompaniyalari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Natijada 2021 yilning 1-choragida 9 ming 465 nafar fuqaroni xorijda ishga joylashtirishga erishildi.

Xorijdagi mehnat migrantlari va vatandoshlarga huquqiy, konsultativ, ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordamlar ko‘rsatish maqsadida Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ularga murojaat qilgan fuqarolarga tegishli maslahatlar, huquqiy, ijtimoiy va moddiy yordamlar ko‘rsatilyapti.

Deputatlar vazirlikning mazkur sohadagi faoliyatini amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan yanada kengroq foydalanish, fuqarolarni xorijga ishga joylashtirish geografiyasini kengaytirish, xorijdagi diplomatik korpuslarning migrantlar bilan ishlash masalalariga yanada ko‘proq e’tibor berish, mazkur sohaning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish zarurligini qayd etdilar.

 

N.Nasriyev, O‘zA