O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Senatning o‘n to‘rtinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi.
Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun, bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari va boshqa masalalar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni talab etmoqda.
Shu maqsadda ishlab chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda Havo kodeksiga kiritilayotgan o‘zgartishlarga asosan Eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi nazarda tutilgan.
Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan o‘zgartishlarga ko‘ra transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzganligi uchun jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan ikki baravariga qisqartirilmoqda.
Majlisda bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatlarining amaldagi faoliyati va ularning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish masalalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari muhokama qilindi.
Qayd etilishicha, ishchi guruh tomonidan 6 ming 140 gektar maydondagi 730 ta bog‘dorchilik-uzumchilik shirkatining yer uchastkalari, bino-inshootlari hamda kadastr hujjatlari o‘rganilgan. Aniqlanishicha, 74 ming 82 ta dala-hovli mavjud bo‘lib, shundan 37 ming 847 ta ob’ektda kadastr hujjatlari rasmiylashtirilgan, 19 ming 95 tasi davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.
Ishchi guruh tomonidan ayrim shirkatlar tugatilgani yoki aholi punktiga o‘tkazilgani, shirkatlarning yer ajratish to‘g‘risidagi hujjatlari tahlil qilinganda, ular tomonidan ortiqcha yer maydonlari egallab olingani ma’lum bo‘lgan. Shirkatlar hududidagi 11 mingga yaqin dala-hovlidan turar joy sifatida, 400 ga yaqinidan esa noturar joy sifatida hujjatsiz foydalanib kelinayotgani qayd etildi.
Majlisda qishloq xo‘jaligida resurs tejovchi zamonaviy sug‘orish texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha belgilangan vazifalarning Navoiy viloyatida ijro etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish natijalari ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, ushbu hududda jami 947 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasida 5 ming 552 gektar mevali bog‘ tashkil etilgan. Shundan 4 ming 997 gektarini mahalliy bog‘lar va 1 ming 828 gektarini intensiv bog‘lar tashkil qiladi.
500 ta fermer va qishloq xo‘jaligi korxonasidagi mavjud uzumzorlar 4 ming 749 gektarni tashkil qiladi. 2021 yil 1 yanvar holatida 277 ta xo‘jalikda 482,6 gektar yerda issiqxonalar tuproqda va gidroponika usulida tashkil qilingan. Ularda suv tejovchi texnologiyalar o‘rnatilgan.
Xalq deputatlari Uychi tuman Kengashining bir qator qarorlari qonunga muvofiqligini o‘rganish yuzasidan qo‘mita tomonidan olib borilgan o‘rganish natijalari ham majlisda ko‘rib chiqildi.
Nurillo Nasriyev, O‘zA