Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi videokonferensaloqa shaklida bo‘lib o‘tdi.

Fraksiya a’zolari dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdilar.

Muhokama qilinayotgan qonun loyihasida hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, o‘simlik va hayvonot dunyosiga, atmosfera va suv resurslariga zarar yetkazganlik bilan bog‘liq yangi huquqbuzarliklar turlarini va ular uchun javobgarlikni belgilash nazarda tutilgan.

Qayd etilganidek, kiritilayotgan qonun loyihasida jonivorlarning shafqatsizlarcha o‘ldirilishi, ko‘ngilxushlik sifatida tiriklayin yoqib yuborish holatlari mayda bezorilik sifatida malakalanish holatlari ham uchrab turibdi.

Hayvonlarga nisbatan insonparvarlik munosabatida bo‘lish – bu taraqqiy etgan jamiyat madaniyatining ajralmas va o‘ta muhim bo‘lgan qismidir. Umuman olganda, o‘simlik, hayvonot dunyosi, atmosfera va suv resurslariga zarar yetkazish bu o‘zimizga zarar yetkazish, qolaversa, kelajak avlodga salbiy ta’sir ko‘rsatish mumkinligini har birimiz anglashimiz darkor, deya ta’kidladi fraksiya a’zolari.

Yig‘ilishda kun tartibidagi navbatdagi masala “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish kiritish haqidagi”gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan birinchi o‘qishda atroflicha muhokama qilindi. bugungi kunda sanitariya jihatidan tozalashga ixtisoslashtirilgan 15 ta davlat tashkilotlar tomonidan respublika hududining 80 foizi maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari bilan qamrab olingan bo‘lib, mazkur xizmatlar bilan qamrov darajasini 100 foizga yetkazish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Shu bilan birga, hududlarda maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish ishlarida ayrim muammolarning mavjudligi chiqindilar bilan bog‘liq samarali tizimni shakllantirishga hamda mazkur sohaga ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar manfaatlarini ishonchli himoya qilishga to‘sqinlik qilmoqda. Jumladan, to‘lov intizomi darajasining pastligi qattiq maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarning moliyaviy ko‘rsatkichlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, asosiy fondlarni yangilash va xizmatlar sifatini oshirishga investitsiya kiritish imkoniyatlarini cheklamoqda.

Shuningdek, ushbu sohaga tadbirkorlik sub’ektlarini jalb qilishga to‘siq bo‘lmoqda.

Qonun loyihasi bilan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va uning joylardagi organlari chiqindilar bilan bog‘liq qarzdorliklarni undirishda sudlarga kiritadigan davo arizalari uchun to‘lanadigan davlat boji bekor qilinmoqda.

Fraksiya a’zolari kun tartibidagi boshqa masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.

 

Nurillo NASRIEV,  O‘zA