“Nukus vino zavodi” aksiyadorlik jamiyatining murojaatiga asosan o‘tkazilgan tezkor tadbirda qo‘lbola usulda spirtli ichimlik ishlab chiqarayotgan yashirin sex faoliyati aniqlandi.
Jumladan, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Davlat bojxona boshqarmasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbir davomida E. ismli shaxs qonunga xilof ravishda Nukus shahrida fuqaroga hajmi 0,45 litr bo‘lgan har bir shishasini 18500 so‘mdan hisoblab, jami 180 shisha qalbaki aksiz marka bilan markalangan qo‘lbola “Qoratau” arog‘ini sotgan vaqtida ushlandi va ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Shuningdek, ushbu alkogol mahsulotlarining manbasini aniqlash maqsadida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida, G.D va S.Sh ismli shaxslar qonunga xilof ravishda fuqaro E.Q.ga hajmi 0,45 litr bo‘lgan har bir shishasini 14166 so‘mdan hisoblab, jami 48 shisha qalbaki aksiz marka bilan markalangan qo‘lbola “Qoratau” arog‘ini sotgan vaqtida ushlandi. Fuqarolar G.D va S.Sh ning uyi ko‘zdan kechirilganida, ushbu uyda yashirin sex tashkil qilinganligi hamda 1 dona rangli printer va unda chiqarilgan qalbaki aksiz markalar, qalbaki shtrix kodlar, 50 ml bo‘lgan bir qancha tibbiy spirt va uning bo‘sh idishlari, bo‘sh aroq shishalari, 14,5 litr aroqqa o‘xshash suyuqlik, bo‘shagan baklashkalar, plastmassa idishlar, aroq shisha og‘ziga bostiriladigan qopqoqlar, blok paketlar, 7 shisha “Qoratau” arog‘i, 4 dona qopqoq bosish uskunasi, 10 litr tozalangan suv, 1 dona chelak bor ekanligi aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.
Mazkur holat yuzasidan Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahar bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakati olib borilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA