O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi Kengashi tashabbusi bilan Afg‘on urushi va kuch tuzilmalari faxriylari Mo‘ynoq tumanida ko‘chat ekish aksiyasida ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolbo‘yi xalqaro innovatsiya markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan «Faxriylardan bog‘lar» aksiyasida 130 nafardan ziyod faxriy ishtirok etdi. Ular tomonidan 700 taga yaqin mevali, 300 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chati ekildi. bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2290 nafar Afg‘on urushi qatnashchisi bo‘lib, mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida mehnat qilib kelmoqda.
Aksiya doirasida «Faxriy bog‘bon» tanlovi o‘tkazilib, g‘oliblar tashkilotchilar tomonidan taqdirlandi.
– Tadbirni tashkil etishdan asosiy maqsad, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Mo‘ynoq tumanida amalga oshirilayotgan ko‘kalamzorlashtirish ishlariga o‘zlarimizning hissamizni qo‘shishdir, – deydi O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limi Kengashi raisi Bobur Tadjimov.
– Masofa uzoq bo‘lsa ham qalblarni yaqinlashtirib, barcha shahar va tumanlardan kelgan faxriylar ko‘chat ekish ishlarida faollik ko‘rsatdi. Aksiya uchun ketadigan sarf-xarajatlarni ham o‘zlari ko‘tardi. Ularning ushbu tashabbusi yoshlarimizga o‘rnak bo‘ladi, degan umiddamiz.
Mana shunday aksiyani Bo‘zatov va Beruniy tumanlarida ham o‘tkazish rejalashtirilgan.
Dovud Abibullayev, O‘zA