2021 yil – Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili

Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutida tashkil etilgan Talabalar kengashi a’zolariga guvohnomalar topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda kengash a’zolari, ularning ota-onalari, professor-o‘qituvchilar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Institut yoshlar bilan ishlash masalalari bo‘yicha prorektori Q.Qodirov mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchi marta Talabalar kengashi tashkil etilganini qayd etib, kengash a’zolari tomonidan olib borilgan ishlar, ularning samaradorligi va ahamiyati haqida ma’lumotlar berdi.

Qobiliyatli, zukko talabalarni aniqlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2019 yilda mazkur kengash tashkil etilgan edi. 2019-2020 yillardagi faoliyati davomida har bir fakultetdan o‘qish va jamoat ishlarida faollik ko‘rsatib kelayotgan yoshlar qamrab olindi. Ularning tashabbuslarini amaliyotga joriy etish va yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida butunlay yangicha tizim – talabalarga bazaviy stipendiyaning 50 foizigacha miqdorda ustama haqi to‘lash yo‘lga qo‘yildi. Shu maqsadda 2019 yil 273 nafar, 2020 yil 167 nafar talabaga mana shunday ustama haqi va boshqa rag‘batlantiruvchi mablag‘ ajratildi. Bu yil esa ularning qamrovi ortib, 428 nafar talabaning stipendiyasiga 10 foizdan 50 foizgacha miqdorda qo‘shimcha ustama haqi to‘lib berilishi tavsiya etilgan.

Davlatimiz rahbarining 2020 yil 25 dekabr kuni O‘zbekiston yoshlari forumi va 29 dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida 2021 yil davomida yoshlar bilan ishlashni yangicha bosqichga ko‘tarish va takomillashtirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlarga keng to‘xtalib, 2021 yilga «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili» deb nom bergan edi.

Joriy yil qobiliyatli, bilimli, zukko talabalardan iborat kengash a’zolari «Tengdosh-tengdoshga» tamoyili asosida yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida fan to‘garaklari, til o‘rganish kurslari, axborot texnologiyalaridan foydalanish, ijodiy klublarning faoliyatini qo‘lga olib, talabalarni keng miqyosda qamrab oldi. Ikkinchidan, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta tashabbusni yoshlar o‘rtasida keng amalga oshirish bo‘yicha sifat va samaradorlikka erishildi.

Shuningdek, yoshlarning, ayniqsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib, liderlik qobiliyatlari shakllanishida kengash tomonidan amalga oshirilgan ishlar ahamiyatli bo‘ldi. Natijada institutning respublika oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘tkazilib kelinayotgan tanlov, festival, sport musobaqalaridagi qo‘lga kiritayotgan yutuqlari yuqori bosqichga ko‘tarildi.

Talabalar kengashining yoshlar orasiga kirib borib, ularning muammolarini aniqlab, fikr-mulohazalarini mas’ul shaxslar bilan ijobiy hal qilishi natijasida so‘nggi 3 yil ichida institut yoshlari tomonidan jinoyatchilik va huquqbuzarlik sodir etilmadi.

Tadbirda Talabalar kengashi raisi, o‘rinbosari va a’zolariga guvohnomalar, shuningdek, ularning ota-onalariga institut rektorining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi. Yoshlarning ota-onalari institut tomonidan amalga oshirilayotgan mana shunday ishlar, ko‘rsatilayotgan e’tibor hamda g‘amxo‘rlik uchun minnatdorlik bildirdi.

Yig‘ilganlar e’tiboriga Talabalar kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risida videorolik havola etildi.

 

Dovud Abibullayev,

O‘zA