Kitobga hamroz umr

Atoqli tarjimon, adib va olim, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi Ibrohim G‘afurov tavalludining 80 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda.

O‘zbek Milliy akademik drama teatrida shu munosabat bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Ibrohim G‘afurovga tabrigini Prezidentning Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Davlat va jamoat arboblari, olimlar, ijod ahli jam bo‘lgan kechada yuridik fanlari doktori, professor A.Saidov, “Yoshlik” jurnali bosh muharriri N.Jonuzoq va boshqalar o‘zining keng qamrovli ijodi bilan kitobxonlar qalbidan joy olgan Ibrohim G‘afurov adabiyotimizning haqiqiy jonkuyari sifatida faollik ko‘rsatayotgani, ayniqsa, uning tarjimalari xalqimizni, yosh avlodni jahon adabiyotiga oshno etayotganini alohida ta’kidladi.

Ibrohim G‘afurov 1937-yil 27-dekabr kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning ijodiy shakllanishida talabalik yillari va mehnat faoliyati muhim omil bo‘ldi. Ijodkorning ilk kitobi “Go‘zallikning olmos qirralari” deb nomlangan. Keyinchalik uning “O‘ttiz yil izhori”, “Unutilmagan bog‘”, “Joziba”, “Yurak – alanga”, “Yonar so‘z”, “Yam-yashil daraxt”, “Lirikaning yuragi”, “She’riyat – izlanish demak”, “Til erkinligi” singari kitoblari birin-ketin nashr etildi. Adibning «Hayo – xaloskor», «Mangu latofat» va boshqa qator mansuralari allaqachon o‘quvchilarning ko‘ngil mulkiga aylanib ulgurgan.

– Ibrohim G‘afurov tarjima sohasida o‘ziga xos maktab yaratgan ulkan ijodkor, – deydi akademik Baxtiyor Nazarov. – U jahon adabiyotining ulug‘ namoyandalari asarlarini ona tilimizga tarjima qilib, o‘zbek kitobxonini chet el adabiyoti bilan tanishtirishga munosib hissa qo‘shdi. So‘z va so‘z sehrini yurakdan his etgan I.G‘afurov «Jinoyat va jazo», «Telba», «Qimorboz», «Azizim», «Alvido qurol», «Chol va dengiz», «Qiyomat», «Yong‘in» kabi asarlarni tarjimalarida butunlay yangi talqinda, o‘zbekona ruhiyatda namoyon qila oldi.

16.JPG
– Bugungi tadbir oilamiz uchun katta shodiyona va unutilmas xotiralarga boy bo‘ldi, – deydi ijodkorning farzandi Humoyun G‘afurov. – Otamizning kamtarona mehnatini muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yuksak qadrlab, tabrik yo‘lladi. Kecha ishtirokchilari qatorida bunday ulug‘ ehtiromni biz farzandlari ham shodlik va hayajon bilan eshitdik. Prezidentimizga, xalqimizga oilamiz nomidan chuqur minnatdorlik bildiramiz.

20 (1).JPG

Tantanali tadbirda “O‘zbekkino” Milliy agentligi tomonidan yaratilgan Ibrohim G‘afurov haqidagi hujjatli film namoyish etildi. San’atkorlar ijrosida kuy-qo‘shiqlar, shoirlar tomonidan she’rlar o‘qildi.

 

Nasiba Ziyodullayeva, Yolqin Shamsiddinov (surat), O‘zA