Poytaxtimizdagi Xalqaro kongress markazida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan tantanli tadbir davom etmoqda.
Hozirgi kunda muhtarama ayollarimizning barcha soha va tarmoqlardagi o‘rni va ta’siri yanada ortib bormoqda. Buning tasdig‘ini respublikamizdagi mehnat bilan band aholining 45 foizini xotin-qizlar tashkil etayotganida ham yaqqol ko‘rish mumkin. Ayollarimiz orasida taniqli davlat va jamoat arboblari, jumladan, Senat Raisi, o‘nlab senator va deputatlar, vazir va hokimlar, O‘zbekiston Qahramonlari, akademiklar, professorlar, O‘zbekiston xalq shoirlari, Xalq o‘qituvchilari, Xalq artistlari, nodavlat tashkilotlarning faol namoyandalari borligi barchamizni quvontiradi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizini, Senat a’zolarining esa 23 foizini ayollar tashkil etmoqda. Mahalliy kengashlarda esa bu raqam 25 foizdan iborat.
Hozirgi vaqtda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning ulushi 33 foizga yetgan bo‘lib, 1 ming 500 ga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida ishlamoqda. Xususan, tashkilotchi va tashabbuskor opa-singillarimiz 6 ta tumanda hokim vazifasida bo‘lib, hududlarda birinchi rahbar o‘rinbosari lavozimlarida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan, katta korxonalar, banklar va kompaniyalarni boshqarayotgan yuzlab latofat egalari ham bor. Ana shunday katta salohiyatni kelgusida yanada oshirish, davlat va jamiyat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini kuchaytirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash bo‘yicha tizimli o‘quvlar tashkil etilmoqda.
– Bunday zamonaviy bilim va iste’dodga, rahbarlik, yetakchilik qobiliyatiga ega, el-yurtimiz uchun fidoyi xotin-qizlarimiz – xalqimiz, millatimizning oltin fondi, desak, hech qanday mubolag‘a bo‘lmaydi. Ana shunday beqiyos kuchga tayanib, yangi O‘zbekistonni, mamlakatimiz taraqqiyotining oltin davrini yaratish – bizning oliy maqsadimizdir, – dedi Prezident.
Z.Jonibekov, O‘zA