Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining Farg‘ona filiali tajriba xo‘jaligida bo‘lib, g‘alla o‘rimi va g‘o‘za parvarishini ko‘zdan kechirdi.

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar bugun yuksak samaralar bermoqda. Yer o‘zining haqiqiy egasini topib, fermer xo‘jaliklari paxta va g‘alla yetishtirishda salmoqli natijaga erishmoqda. Shu kunlarda Farg‘ona viloyatida 13 ming 987 fermer xo‘jaligi paxtachilik, g‘allachilik, chorvachilik, bog‘dorchilik kabi yo‘nalishlarda faoliyat ko‘rsatmoqda. Keyingi yillarda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari tobora ko‘payib bormoqda.

Farg‘onalik dehqonlar azaldan paxta va g‘alla yetishtirish, bog‘dorchilik sohasida katta tajriba to‘plagan. Fermer xo‘jaliklarida g‘o‘za parvarishi agrotexnik tadbirlar asosida olib borilmoqda. G‘alla o‘rimi qizg‘in davom etmoqda.

Mazkur tajriba xo‘jaligida 21,3 gektarda g‘o‘zaning “O‘zFA-710”, 9,2 gektarda g‘allaning “Yaksart” navi ekilgan. G‘alla hosili pishib yetilib, o‘rib olinmoqda. Xo‘jalikda yigirmadan ziyod kishi mehnat qiladi, paxta va g‘alladan har yili mo‘l hosil olinmoqda. Davlatimiz rahbari g‘alla yig‘im-terimida ishtirok etayotgan fermerlar bilan muloqot qildi.

Non – eng aziz ne’mat. G‘allachilikni rivojlantirish, istiqbolli, serhosil navlarni yaratish, hosildorlikni oshirish bo‘yicha barcha choralarni ko‘rish olimlarimiz va dehqonlarimiz oldidagi muhim vazifalardandir. Buning uchun fan va amaliyot hamkorligini yanada mustahkamlash zarur, dedi Prezidentimiz.

 

Umar Asrorov, O‘zA