Davlat Abrayev, kurash bo‘yicha jahon chempioni, Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlari g‘olibi:
– Prezidentimiz tomonidan birinchi marta mamlakatimiz parlamenti – Oliy Majlisga Murojaatnomasini katta hayajon bilan kuzatdik. Ayniqsa, 2017 yilda sport sohasini rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, sportchilarimizning erishayotgan yutuqlarini, milliy kurashimiz tarixida yorqin voqea – Turkmanistonda o‘tgan Osiyo olimpiya kengashi bosh assambleyasi yig‘ilishida kurashning Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritilganini katta mamnuniyat bilan e’tirof etgani sportchi sifatida meni g‘ururlantirib yubordi.
Darhaqiqat, mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yosh avlodning jismonan va ma’nan sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishini ta’minlashga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida bu boradagi ishlar yuksak bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbarining e’tibori samarasi sportchilarimizning xalqaro maydonlardagi g‘alabalarida o‘z ifodasini topmoqda. Joriy yil Turkmanistonda o‘tgan Yopiq inshootlarda va jang san’atlari bo‘yicha V Osiyo o‘yinlarida erishgan natijalari buning yaqqol isbotidir.
Go‘zal Ismatova, boks bo‘yicha Osiyo chempioni:
– Prezidentimizning Murojaatnomasi boshqalar qatori meni ham to‘lqinlantirib yubordi. Ayniqsa, sportchilarni Olimpiadaga tayyorlashda mutlaqo yangicha yondashuv bo‘lishi, sportchilarga barcha imkoniyatlar yaratilishi haqidagi so‘zlari menga o‘zgacha ruh, kuch-g‘ayrat bag‘ishladi. Bu Prezidentimizning biz yoshlarga bildirayotgan yuksak ishonchi, bizning ezgu orzularimizni ro‘yobga chiqarishga qaratilayotgan ulkan e’tiboridan dalolatdir.
Davlatimiz rahbarining ishonchini oqlash, 2020 yili Yaponiyaning Tokio shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlarida yuksak natijalarga erishish uchun bor kuch va imkoniyatimizni ishga solamiz.