AQSH prezidenti Donald Trampning hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirmaslikka urunishi va 7 yanvarda Kapitoliy binosida tarafdorlari tomonidan sodir etilgan tartibsizliklar demokratlar uchun muhim dastakka aylandi.
Kuni kecha AQSH Kongressining vakillar palatasi vitse-prezident Mayk Pensni Trampni hokimiyatdan chetlatishga chaqirib, maxsus rezolyutsiya qabul qildi. Hozircha Pens bu ishni qilishdan bosh tortib turibdi. Lekin rezolyutsiya uchun 223 nafar deputat ovoz bergan, 205 deputat qarshi chiqqan.
Hujjatni bir nafar respublikachi ham ma’qullagan. Demokratlarning esa hammasi rezolyutsiya qabul qilinishi uchun rozi.
Mazkur rezolyutsiya vitse-prezidentni AQSH konstitutsiyasiga kiritilgan 25-tuzatishdan foydalanishga chaqiradi. Ya’ni, tuzatishga binoan agar davlat rahbari o‘z vazifasini bajara olmay qolsa, uni hokimiyatdan chetlatish mumkinligini nazarda tutadi. Bunday holatda Pens Oq uy ma’muriyatining ko‘pchilik qismi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan holda Trampni iste’foga chiqarib yuborishi va uning o‘rnini egallashi mumkin.
Demokratlar agar Pens ular aytganidek harakat qilmasa, vakillar palatasida Trampni buzg‘unchilik va isyon ko‘tarishda ayblab, unga qarshi impichment e’lon qilish bilan tahdid qildi.
Ammo, prezidentni lavozimidan olib tashlash uchun senatorlarning uchdan ikki qismi ovoz berishi kerak bo‘ladi. Hozircha senatorlarning ko‘pchiligi bunga rozi emas. Qolaversa, Kongressning yuqori palatasida Trampga qarshi ayblovni ko‘rib chiqish uchun vaqt ham yetmasligi mumkin. Chunki u shundoq ham 20 yanvarda Oq uyni tark etishi kerak.
Pensning o‘zi esa boshidanoq prezident Donald Trampni konstitutsiyadagi 25-tuzatishga muvofiq hokimiyatdan chetlatishga qarshi ekanini ma’lum qilgandi. Uning ta’kidlashicha, mazkur tuzatish “jazolash va hokimiyatni tortib olish vositasi bo‘la olmaydi”, agar u qo‘llaniladigan bo‘lsa “bunday holatlarning yana takrorlanishiga yo‘l ochib bergan bo‘ladi”.
Trampga qarshi impichment e’lon qilish taklifini tabiiyki, Jo Bayden mansub bo‘lgan demokratlarning hammasi ma’qullamoqda. Lekin ushbu g‘oyani hatto respublikachilardan ham ayrim deputatlar qo‘llab-quvvatlayotgani impichment masalasi ancha jiddiy tus olayotganidan darak beradi.
Masalan, Michigandan respublikachi kongressmen Fred Apton senatda prezident Donald Trampga qarshi impichment e’lon qilishga qo‘shilishini ta’kidlagan.
“Kongress prezident Trampni javobgarlikka tortishi kerak hamda bu qaror mamlakatimizda birorta ham prezidentning hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirilishiga monelik qilishga urinmasligi uchun namuna bo‘lsin. Shu bois, men impichment uchun ovoz beraman”, – deyiladi Apton bergan bayonotda.
Respublikachilar orasida Apton kabi fikrlaydiganlar oz emas. Uning o‘zi vakillar palatasida Trampga qarshi impichment e’lon qilish uchun ovoz bergan respublikachilarning to‘rtinchisi bo‘ldi.
Kongressning vakillar palatasi asosan demokratlar nazoratida. Shu bois ular chorshanba kuni palataning navbatdagi majlisida Donald Trampga qarshi impichment kiritishga erishishdi, deb xabar qiladi qo‘mita bayonotida.
Qo‘mitaning yetti nafar a’zosi “ha” degan, to‘rt nafari qarshi ovoz bergan.
Impichment bo‘yicha ovoz berish chorshanba kuni bo‘lib o‘tishi mumkinligi aytilmoqda.
Trampning prezidentlik vakolati 20 yanvarda tugaydi. Shunday ekan, uning impichment orqali hokimiyatdan ketishi demokratlarga nima beradi?
“Gap shundaki, demokratlar Trampning yana qachonlardir federal lavozimlaridan biriga qayta o‘tirish huquqini yo‘qotishiga erishadi. Qolaversa, Tramp sobiq prezident degan maqomdan ayriladi. Bu degani, uni xavfsizlik xizmati qo‘riqlamaydi, nafaqa va boshqa imtiyozlar ham berilmaydi”, – deydi Rutgers universiteti professori Ronald Chen.
Xullas, boshda prezidentlikni topshirishni istamayotgan Tramp endi lavozimidan tinchgina keta olmasligi ham ayon bo‘lib qolmoqda. 7 yanvar voqealaridan keyin Oq uyni o‘z ixtiyori bilan tark etishga rozi bo‘lib turgan bir paytda demokratlar unga nisbatan impichment qo‘llash uchun bor imkoniyatni ishga soladigan ko‘rinadi. Bu voqealar respublikachilar partiyasining obro‘siga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Saidmurod Rahimov, O‘zA