Markaziy Osiyoda irrigatsiyani yaxshilash va suv-energetika resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlash maqsadida Qirg‘izistondan mamlakatimizga elektr energiyasi yetkazib berilmoqda.

Energetika tizimi yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush farovonligini oshirishda muhim o‘rin tutadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mintaqa davlatlari rahbarlari bilan uchrashuvlari energetika sohasidagi hamkorlik rivojida yangi istiqbollarni belgilab berdi. Xususan, 2017-yil 5-oktabr kuni Toshkentda o‘tkazilgan oliy darajadagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston muloqoti doirasida 2017-2018-yillarda Qirg‘iziston Respublikasidan O‘zbekiston Respublikasiga elektr energiyasini yetkazib berish to‘g‘risida shartnoma imzolandi.

Shartnomaga ko‘ra, 2017-yil dekabr oyidan 2018-yil martigacha 550 million kVt/soat elektr energiya yetkazib berish ko‘zda tutilgan. Joriy yil 15-dekabrdan boshlab Qirg‘iziston Respublikasi mamlakatimizga elektr energiya yetkazib berishni boshladi. Bugungi kungacha 3,7 million kVt/soat elektr energiya qabul qilindi va kunlik miqdor oshib bormoqda.

– Elektr energiyasi Qirg‘iziston milliy elektr tarmoqlari tomonidan yetkazib berilmoqda, – deydi «O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati strategik rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i E.Sa’dullaev. – Ushbu jarayon Markaziy Osiyoda suv va energetika rejimlari mushtarakligini ta’minlab, mamlakatlarimiz ravnaqi uchun o‘z hissasini qo‘shadi.

Mamlakatimiz energetika tizimi Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya va MDHning boshqa mamlakatlari energotizimlari bilan mutanosiblikda ishlaydi. Bu jarayon 220, 500 kilovoltli (kV) liniyalar orqali amalga oshiriladi. Farg‘ona vodiysidagi «Lochin» kichik stansiyasi Qirg‘iziston energotizimi bilan 500 kV liniya orqali bog‘langan. Bundan tashqari, Toshkent issiqlik stansiyasidan 220 va 500 kV liniyalar Qozog‘iston va O‘zbekiston energotizimlarini bog‘lab, ularning ish mushtarakligini ta’minlaydi.

Qirg‘iziston va Qozog‘iston energetika tizimlari ham xuddi shunday bir-biri bilan bog‘langan. Buning natijasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘iston o‘rtasida energetik xalqa barpo qilingan bo‘lib, u energetik rejimlarni optimallash imkonini beradi.

Energetika sohasida hozirgi kunda xalqaro hamkorlik asosida tomonlar uchun foydali bo‘lgan iqtisodiy aloqalar rivojlantirilmoqda. Jumladan, mamlakatimiz qo‘shni Afg‘oniston Islom Respublikasiga yordam berish maqsadida elektr energiyasini eksport qilmoqda. Kelgusida Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan energiya miqdorini ko‘paytirish uchun Surxondaryo viloyatida 500 kV liniyasini qurish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, «O‘zbekenergo» AJ Tojikiston energotizimi bilan hamkorlik o‘rnatishni rejalashtirgan.

Bugungi kunda mamlakatimiz tomonidan 220 va 500 kV liniyalar tayyorlandi. Tojikiston energiya tizimi tomonidan avariyaga qarshi avtomatika va rele himoyasi loyihalari bajarilmoqda. Ushbu loyihalar yakunlangandan so‘ng, 2018-yilda parallel ishlashni yo‘lga qo‘yish belgilangan.

Turkmaniston energotizimi bilan ham hamkorlik rejalashtirilgan bo‘lib, bu ushbu davlatdan boshqa mintaqalarga elektr yetkazib berishda mamlakatimiz energetika tizimidan tranzit sifatida foydalanish imkoniyatini yaratadi.

Shu yil noyabr oyida Toshkentda o‘tkazilgan Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Elektr energetika kengashining 51-majlisida MDHga a’zo davlatlarning tegishli vazirlik va kompaniyalari rahbarlari elektr energetika sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, uning uyg‘unlashuvini ta’minlash kabi dolzarb masalalarni muhokama qildi.

«O‘zbekenergo» aksiyadorlik jamiyati kelgusida MDHga a’zo davlatlar energetika tizimlari bilan istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni mustahkamlash, jumladan, Sirdaryo IES bloklarini modernizatsiya qilish va sohani rivojlantirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirishni rejalashtirgan.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA