Prezident tibbiyot tizimini tubdan isloh etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Sog‘liqni saqlash vaziri va uning birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi guruhlar qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmatni tashkil etish tizimi, tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishi kerakligini ta’kidladi.

Yangi ish tizimiga muvofiq, respublika hududlari bo‘yicha 2 ta ishchi guruhi tashkil etiladi. Vazir A rahbarligidagi birinchi guruh – vodiy viloyatlari, Jizzax, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahriga, vazirning birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov rahbarligidagi ikkinchi guruh – Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo va Sirdaryo viloyatlariga biriktiriladi.

Ishchi guruhlar ikki oy muddatda qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardagi tibbiy xizmatni tashkil etish tizimi, shifokorlar va o‘rta tibbiyot xodimlarining vazifa va funksiyalarini to‘liq qayta ko‘rib chiqishi topshirildi.

Yig‘ilishda qishloq joylarda bemorlarga qimmat dorilarni yozib berish avj olgani, bu odamlarni qiynayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga ushbu masalani o‘rganib, shifokorlarning bemorlarga faqat eng zarur va hamyonbop dorilarni yozishini nazoratga olishi topshirildi.

 

O‘zA