Mamlakatimiz ilm-fani og‘ir judolikka uchradi

Arxeologiya sohasidagi atoqli olim, O‘zbekiston Qahramoni Gʻayratdin Xojaniyazov shu yil 19 oktyabrda 72 yoshida vafot etdi.
Gʻ.Xojaniyazov 1948 yili Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida tug‘ildi. O‘rta maktabni tugatganidan so‘ng jamoa xo‘jaligida ishchi bo‘lib xizmat qildi. 1972 yilda Nukus davlat pedagogika institutini tugatib, o‘z ilmiy faoliyatini O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialining Tarix, arxeologiya va etnografiya institutida tadqiqotchi sifatida boshladi. So‘ngra ushbu filial aspiranturasida tahsil olib, tarix fani bo‘yicha nomzodlik dissertasiyasini himoya qildi.
Taniqli olim o‘zining qariyb 50 yillik ilmiy faoliyati davomida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston filialining Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining kichik va katta ilmiy xodimi, Qoraqalpog‘iston tarix va madaniyat yodgorliklarini muhofaza qilish jamiyati raisi, Tarix, arxeologiya va etnografiya institutining arxeologiya bo‘limi mudiri, Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining arxeologiya bo‘limi mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizning qadimiy tarixi, arxeologik yodgorliklarini chuqur o‘rganish va dunyoga targ‘ib etish, yuksak malakali ilmiy kadrlar tayyorlashga munosib hissa qo‘shdi.
Arxelogiya sohasida o‘zining ilmiy maktabini yaratgan zahmatkash olimning o‘nlab ilmiy tadqiqotlari, monografiya va qo‘llanmalari, jumladan, “Qadimgi Xorazm mudofaa inshootlari”, “Qoraqalpog‘istonning ajoyib yetti esdaligi” singari asarlari nafaqat yurtimiz, balki chet el ilmiy-madaniy jamoatchiligi o‘rtasida ham yaxshi ma’lum. Uning rahbarligida olib borilgan arxeologik izlanishlar natijasida qadimiy Xorazm madaniyatiga oid, Markaziy Osiyodagi eng qadimiy hisoblangan devor suratlari topildi va tadqiq etildi. Fidoyi olim Qoraqalpog‘iston-Avstraliya xalqaro arxeologik ekspedisiyasining yetakchilaridan biri edi.
Gʻ.Xojaniyazov jonkuyar pedagog sifatida o‘nlab iste’dodli olimlarga ustozlik qildi.
Gʻ.Xojaniyazovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi ko‘p yillik samarali xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Mehnat shuhrati” ordeni va O‘zbekiston Qahramoni unvoni bilan mukofotlangan edi.
Taniqli olim, mehribon ustoz, kamtarin va samimiy inson Gʻ.Xojaniyazovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
 
A.Aripov, M.Kamalov, B.Yo‘ldoshev

 

O’zA