Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida suv xoʻjaligi xodimlari uchun malaka oshirish oʻquv kurslari tashkil etildi.
Ӱzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirliklari hamkorligida tashkil etilgan tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi huzuridagi tizim tashkilotlaridan jami 200 nafar suv xoʻjaligi mutaxassisi oʻqitilib, ularning suv resurslarini boshqarish jarayonlariga zamonaviy-axborot kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish boʻyicha bilimlari oshiriladi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda soʻnggi yillarda yer va suv resurslaridan samarali foydalanish, suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, suv xoʻjaligi obyektlarini modernizatsiya qilish va rivojlantirish boʻyicha izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 10-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi farmoni asosida aholini va iqtisodiyotning barcha tarmoqlarini suv bilan barqaror taʼminlash, sugʻoriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, suv xoʻjaligiga bozor tamoyillari va mexanizmlarini hamda raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, suv xoʻjaligi obyektlarining ishonchli ishlashini taʼminlash hamda yer va suv resurslaridan foydalanish samaradorligini oshirish maqsadida suv xoʻjaligini rivojlantirishning 2020-2030-yillarga moʻljallangan konsepsiyasida belgilangan vazifalarni 2020-2022-yillarda amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xarita”si tasdiqlandi.
Natijada suv xoʻjaligi obyektlarini boshqarishni raqamli texnologiyalar asosida avtomatlashtirish, elektr energiyasi va boshqa resurslarni tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni keng joriy qilish Konsepsiyaning ustuvor yoʻnalishlaridan biri etib belgilandi.
Bundan tashqari, mamlakatimizda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida barcha sohalarda raqamlashtirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish boʻyicha keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan keyingi uch yilda amalga oshiradigan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilmoqda.
Mazkur dasturga koʻra, suvni hisob kitobini onlayn rejimda yuritish va uni boshqarishni avtomatlashtirish maqsadida 2021-2023-yillarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining 1302 ta suv xoʻjaligi inshootida real vaqt rejimida suvni nazorat qilish va uning hisobini yuritish uchun “Smart Water” (“Aqlli suv”) qurilmalarini oʻrnatish, 12 ta yirik gidrotexnik inshoot boshqaruvini avtomatlashtirish, 273 ta nasos stansiyasida elektr energiya sarfini onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish hamda 364 dona meliorativ kuzatuv qudugʻida sizot suvlari sathi koʻrsatgichlarini onlayn nazorat qilish imkonini beruvchi “Diver” qurilmalarini oʻrnatish rejalashtirilgan.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot xizmatining OʻzA muxbiriga maʼlum qilishicha, oʻquv kursi davomida tinglovchilar suv xoʻjaligi sohasini raqamlashtirish boʻyicha ilgʻor xorijiy mamlakatlar tajribasi bilan tanishadi. Malaka oshirish kursi yakunida ishtirokchilarga maxsus sertifikatlar topshiriladi.
Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA