Orolbӱyining eksport geografiyasi kengaymoqda

Mamlakatimizning tashqi savdo aylanmasini tashkil etuvchi eksport-import operatsiyalarining qonunchilik talablari asosida qisqa fursatda rasmiylashtirilishida bojxona xizmati xodimlari ham shijoat bilan xizmat qilmoqda. Chunki xalqimizni doimiy ish oʻrinlari bilan taʼminlash barobarida mahsulot ishlab chiqarib, sanoatni rivojlantirish bugunning dolzarb masalasidir.
– Bugun Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi orqali eksportga rasmiylashtirilgan yuklarning 70 foizi bizning postimizga toʻgʻri keladi, – deydi “Qoʻngʻirot” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona posti boshligʻi Abat Saparbayev. – Jumladan, yil boshidan 205 million 200 ming AQSH dollari qiymatidagi polietilen, polipropilen, qizilmiya ildizi, kalsiylashtirilgan soda, artemiya sistasi kabi tovarlar Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Hindiston, Turkiya va Qozogʻiston davlatlariga eksport qilindi.
Hududda faoliyat yurituvchi yirik sanoat korxonalaridan biri, Markaziy Osiyoda yagona boʻlgan “Qoʻngʻirot soda zavodi” masʼuliyati cheklangan jamiyatining kalsiylashtirilgan soda mahsulotini ishlab chiqarish quvvatliligi bugungi kunda 200 ming tonnaga yetkazilgan. Bu koʻrsatkichga erishishda 2016-yilda ishga qoʻshilgan zavodning ikkinchi bosqichi ham katta hissaga ega. Tozalash vositalari bilan qator isteʼmol tovarlari tarkibiga kiruvchi mazkur mahsulot kimyo sanoati va deraza ishlab chiqarishda ham muhim komponent sanaladi.
–Bugungi kunda toʻliq quvvatda ish olib borayotgan korxonamizda bir kecha-kunduzda 600 tonna kalsiylashtirilgan soda mahsuloti ishlab chiqarilmoqda, –deydi ishlab chiqarish boʻlimi boshligʻi Axmet Begdullayev. – Mahsulotlarimiz ichki bozorni toʻliq qamrab olgan boʻlib, ortgan qismi eksportga yoʻnaltirilmoqda. Bu bilan qanoatlanib qolmasdan, zavodimizda tez orada uchinchi bosqichni ishga qoʻshish rejalashtirilgan. Bu oʻz navbatida eksport geografiyasining kengayishiga ham zamin yaratadi.
Davlatimiz tomonidan sanoatni rivojlantirish yoʻlida yaratilgan qulayliklar, xususan, ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish va kengaytirishda zarur boʻlgan jahon standartlariga mos ilgʻor texnologik asbob-uskunalarning Rossiya Federatsiyasi, Italiya davlatlaridan olib kelinishida joriy yil boshidan bojxona toʻlovlaridan 1 milliard 845 ming soʻm miqdorida qoʻllanilgan imtiyoz bugun oʻz samarasini berib, 1743 nafar mahalliy aholi doimiy ish oʻrni bilan taʼminlandi. Yil boshidan 8 million 706 ming AQSH dollari qiymatidagi sanoat mahsuloti Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston, Birlashgan Arab Amirliklari davlatlariga eksport qilindi.
Eksportyor korxonalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida bojxona rasmiylashtiruvi qisqa fursatlarda, bojxona nazorati esa bevosita tadbirkorlik subyekti joylashgan oʻrinlarda amalga oshirilishi ham tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilari ish jarayonlarini soddalashtirib, davlatimiz eksport salohiyatining ortishida asosiy omil bӱlmoqda.
photo_2020-10-08_15-15-20.jpg

 

Dovud ABIBULLAYEV, OʻzA