Akademik
Sattor Tursunmuhamedov
Oʻzbekiston ilm-fani ogʻir judolikka uchradi.
Ijtimoiy falsafa va sotsiologiya sohasidagi taniqli olim, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi Sattor Tursunmuhamedov shu yil 21-iyul kuni 91 yoshida vafot etdi.
S.Tursunmuhamedov 1929-yil 11-yanvarda Qozogʻiston Respublikasining Chimkent viloyatiga qarashli Turkiston shahrida tugʻildi. 1952-yili Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozirgi Oʻzbekiston Milliy universiteti)ni tugatib, ushbu universitet aspiranturasida tahsil oldi. Dastlab nomzodlik, keyinchalik doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Ilm-fan sohasidagi koʻp yillik xizmatlari uchun 2000-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Oʻz mehnat faoliyatini 1955-yili Toshkent moliya-iqtisod institutida katta oʻqituvchi sifatida boshlagan isteʼdodli olim qariyb 65 yillik ilmiy-pedagogik faoliyati davomida Toshkent xalq xoʻjaligi instituti (hozirgi Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti) dotsenti, professori, kafedra mudiri, Respublika ijtimoiy fanlar oʻqituvchilari malakasini oshirish instituti direktori, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti (hozirgi Toshkent davlat pedagogika universiteti) rektori, Respublika yuqori malakali pedagoglar tayyorlash instituti direktori, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti kafedra mudiri kabi lavozimlarda samarali mehnat qilib, mamlakatimizda ilm-fan va taʼlim sohalarini rivojlantirish, yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlashga munosib hissa qoʻshdi.
Zahmatkash olimning ijtimoiy falsafa va sotsiologiya sohasining nazariy va amaliy masalalariga bagʻishlangan maqola va tadqiqotlari, monografiya va risolalari yurtimiz olimlari va mutaxassislariga yaxshi maʼlum.
Jonkuyar ustoz sifatida koʻplab yoshlarga taʼlim-tarbiya bergan ilm-fan fidoyisining bevosita rahbarligida oʻnlab fan nomzodlari va fan doktorlari tayyorlangan.
Akademik S.Tursunmuhamedovning mamlakatimiz ilm-fanini rivojlantirish borasidagi xizmatlari davlatimiz tomonidan munosib taqdirlandi. U “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan fan arbobi” faxriy unvoniga sazovor boʻlgan edi.
Atoqli olim, mehribon ustoz, kamtarin inson Sattor Tursunmuhamedovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Sh.Mirziyoyev, T.Norboyeva, N.Ismoilov,
A.Aripov, B.Yoʻldoshev
Akademik Sattor Tursunmuhamedov vafoti munosabati bilan hamdardlik