O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari davlat muzeyida Prezidentimizning 2017-yil 10-oktabrdagi farmoniga muvofiq ta’sis etilgan “O‘zbekiston Konstitutsiyasiga 25 yil” esdalik nishonlarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Ikromov va boshqalar Bosh qomusimiz mustaqilligimizni mustahkamlashda asosiy huquqiy asos ekani, unda bizning huquq va erkinliklarimiz kafolatlanganini ta’kidladi. Shu bilan birga, Konstitutsiyamizda fuqarolarning majburiyatlari, jumladan, Vatanni himoya qilishdek muqaddas burchi belgilangan.
Qurolli Kuchlar faxriylari nomidan so‘zga chiqqan tibbiyot xizmatining iste’fodagi podpolkovnigi, shoir Iskandar Rahmon Vatan va Konstitutsiyaga bag‘ishlangan she’rlaridan o‘qidi.
– O‘zbekistonda 130 dan ortiq millat va elat vakillari tinch-totuv yashab, barchamiz uchun yagona bo‘lgan Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida samarali mehnat qilmoqda, – dedi esdalik nishoni bilan taqdirlangan iste’fodagi polkovnik Oleg Sin. – Mamlakatimizda shakllangan xalqlar do‘stligi O‘zbekistonimizning ulkan yutuqlaridan bo‘lib, u tufayli xalqimiz kelajakka qat’iy ishonch bilan qaramoqda. Iste’foga chiqqanimdan so‘ng ham bo‘lajak Vatan himoyachilarini vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qo‘shgan kamtarona hissam yuksak baholanganidan xursandman.
Qurolli Kuchlar Markaziy ashula va raqs ansambli san’atkorlari ishtirokidagi bayram konserti marosim ishtirokchilariga xush kayfiyat bag‘ishladi.