Soʻnggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, aziz opa-singillarimizning jamiyat hayotidagi maqomi va obroʻ-eʼtiborini yana-da oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalariga ustuvor yoʻnalish sifatida qaralmoqda.
Ayniqsa, bahoriy goʻzallik va nafosat ayyomi – Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida moʻtabar onalarimiz, munis va dilbar ayollarimiz, latofatli qizlarimizga mehr-oqibat va yuksak izzat-ikrom koʻrsatishdek ezgu va xayrli anʼanalarimiz keng miqyosda namoyon boʻlmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-mart kuni mamlakatimiz xotin-qizlarining eng faol va tashabbuskor vakillaridan biri – Fargʻona viloyati, Oltiariq tumanidagi “Nurli obod” fermer xoʻjaligining rahbari, Oʻzbekiston Qahramoni, Oliy Majlis Senati aʼzosi Lola Murotova bilan telefon orqali muloqotda boʻlib, yaqinlashib kelayotgan qutlugʻ bayram bilan qizgʻin tabrikladi.
Lola Murotova oʻzining qirq yildan ortiq davr mobaynida boy tajribasi, butun bilimi va kuch-gʻayratini diyorimiz obodligi hamda elimiz farovonligiga safarbar etgani, shuningdek jonkuyar, kamtar va oqila oʻzbek ayoli sifatida yosh avlod va butun mamlakatimiz xotin-qizlari uchun chinakam oʻrnak va namuna boʻlayotgani hurmat bilan qayd etildi.
Prezidentimiz hozirgi vaqtda davolanishda boʻlgan mashhur fermerga mustahkam sihat-salomatlik va bardamlik, hamisha yaqinlari eʼzozu ardogʻida boʻlib yurishlikni tiladi.
Lola Murotova, oʻz navbatida, yurtboshimizga ish jadvali tigʻiz boʻlishiga qaramay koʻrsatgan cheksiz gʻamxoʻrlik va qoʻllab-quvvatlashlari uchun chin qalbdan tashakkur izhor etdi.
Bunday samimiy iltifot va ragʻbatni mamlakatimizning barcha ayollariga doimiy ravishda koʻrsatib kelinayotgan yuksak ehtiromning yorqin ifodasi sifatida mamnunlik ila qabul qilishini aytib oʻtdi.
Davlatimiz rahbarining topshirigʻiga binoan, shu kuni Oliy Majlis Senatining raisi Tanzila Norboyeva Oʻzbekiston Qahramoni Lola Murotovani qutlugʻ ayyom munosabati bilan qutlash va holidan xabar olish uchun Fargʻona viloyatiga shaxsan tashrif buyurdi hamda Prezidentimizning bayram sovgʻalarini topshirdi.