Davlatingiz rahbarining saʼy-harakatlarida masalaning kompleks yechimi oʻz aksini topgan

Toshkentda “Suriya va Iroqdan qaytarib olib kelinganlarni reabilitatsiya va reintegratsiya qilish boʻyicha Markaziy Osiyo muloqoti: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtmoqda.

Konferensiyada Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlari vazirlik, idora va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan xalqaro tashkilot va diplomatik vakolatxonalar xodimlari, shuningdek bir qator xorijiy ekspertlar ishtirok etmoqda.

Muxbirimiz anjuman qatnashchilarining fikrlari bilan qiziqdi.

Keneshbek Saynazarov, “Search Common Ground” xalqaro nodavlat tashkiloti direktori:

Oʻzbekiston modelida uchta muhim jihatni taʼkidlab oʻtgan boʻlardim. Birinchisi, hali hech bir davlat bu ishga kirishmagan bir paytda Oʻzbekiston rahbariyati oʻz fuqarolariga, ayniqsa ayollar va bolalarga chuqur insonparvarlik munosabatlarini namoyon qila oldi.

Ikkinchidan, mazkur muammoni hal etish uchun yurtingiz jamoatchiligi bir boʻlib kirishganidir. Oʻzbekiston tajribasi mazkur masala faqat davlatning yoki nodavlat tashkilotlarning tashvishi boʻlmay, balki butun jamiyatning vazifasi ekanini koʻrsatib berdi.

Uchinchidan, mamlakatingizda qaytib kelganlarni endi tinch hayotga, jamiyatga reintegratsiya qilish, ularni moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlash, boshpana bilan taʼminlash, bolalarning tarbiyasi, taʼlimi bilan shugʻullanish boʻyicha ham kompleks choralar amalga oshirilayotgani, haqiqiy insonparvarlik namunalari koʻrsatilayotganidir.

Davlatingiz rahbarining bu boradagi tashabbuslari va saʼy-harakatlarida yuqorida taʼkidlangan masalalar kompleks hal etilayotganini koʻrish mumkinligini alohida taʼkidlagan boʻlardim.

 

Saidmurod RAHIMOV, OʻzA