Ayrim magistratura talabalari oʻqishni yanvar oyidan boshlaydi

Qishloq xoʻjaligi sohasi magistratura mutaxassisliklari oʻquv jarayonini yanvar oyidan boshlashi mumkin. Bu haqda “Toshkent davlat agrar universitetini 2030-yilgacha boʻlgan innovatsion rivojlanish strategiyasini amalga oshirish boʻyicha 2020-yilga moʻljallangan “Yoʻl xaritasi” loyihasida keltirib oʻtilgan.

Hujjatga asosan qishloq xoʻjaligida agrotexnik tadbirlar mavsumiyligini inobatga olib, dissertatsiyalarda ikki yillik ilmiy-amaliy dala tajribasi natijalari qamrab olinishini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi sohasi magistratura mutaxassisliklari oʻquv jarayonini yanvar oyidan boshlash rejalashtirilgan.

Bunda kadrlar buyurtmachilari takliflari asosida magistratura mutaxassisliklari oʻquv jarayonini yanvar oyidan boshlash boʻyicha oʻquv rejalari, fan dasturlari va oʻquv jarayoni jadvalini ishlab chiqish koʻzda tutilgan.

Shuningdek, magistratura mutaxassisliklari uchun oʻquv yuklamalarini shakllantirish va professor-oʻqituvchilar bilan taʼminlash moʻljallanmoqda.

Masʼul ijrochilar — oʻquv ishlari boʻyicha prorektor (C. Islomov), Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor (K.Sultonov), Filial direktorlari (Ye.Toreniyazov, K.Komilov).

 

OʻzA