Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan “Sen yolg’iz emassan” Respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi tomonidan “Bag‘rikeng jamiyat sari” mavzuida davra suhbati tashkil etildi.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazi direktori V.Alimova, “Sen yolg’iz emassan” respublika jamoatchilik bolalar jamg‘armasi direktori R.Mustayev, Isroilning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi E.Shapira va boshqalar O‘zbekistonda nogironlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy yordam ko‘rsatish, ularga har tomonlama ko‘maklashish maqsadida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.
2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholini ijtimoiy himoya qilish va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 1-dekabrdagi «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni ana shu ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi.
Ushbu hujjatlar ijrosini ta’minlash yuzasidan o‘tkazilgan mazkur tadbir imkoniyati cheklangan bolalarni jamiyatga to‘liq va samarali jalb qilish, huquqlarini himoyalash, nogironlik muammolarini o‘rganuvchi pedagoglar, psixologlar, shifokorlar, defektologlar va ota-onalarning ijtimoiy sherikchiligini mustahkamlashda muhim ahamiyatga ega.
Respublika bolalar ijtimoiy moslashuv markazida bolaning ruhiy-jismoniy xususiyatlari o‘rganilib, har bir bola uchun individual kompleks ish xaritasi tuzilishi va maxsus mashg‘ulotlar trening, o‘yin, davolovchi jismoniy tarbiya mashqlarini o‘zida jamlagan korreksion reabilitatsion xizmatlar yordamida olib borilayotgani yaxshi samara berayotgani qayd etildi. Bu yerda bolalarning sog‘lomlashtirilishi, ma’naviy-axloqiy rivojlanishiga erishish, jismoniy imkoniyatlari cheklanganligi sababli e’tibor markazidan chetda qolmasligi, o‘zlarini jamiyatning to‘laqonli a’zosi sifatida his qilishlariga alohida e’tibor qaratiladi.
Davra suhbatida imkoniyati cheklangan shaxslar uchun qulay muhitni yaratish sohasida xalqaro tajribani ommalashtirish, ijtimoiy ishchilar, tibbiyot va psixologik-pedagogik kadrlarning kasb kompetentliligini oshirish yuzasidan va boshqa masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirildi.