Orolboʻyida mevali daraxtlar ekilishi taklif qilinmoqda

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida Orol atrofidagi choʻl hududlarda yovvoyi meva daraxtlarini ekish toʻgʻrisida petitsiya eʼlon qilindi.

Gʻoya muallifi Kamiljan Kadirov oʻz taklifini quyidagicha izohlagan: “Men Orol muammosini amaliy hal qilish uchun oʻz taklif va murojaatlarimni koʻp yillik tajribamga asoslanib quyidagilarni bayon qilmoqchiman.

Birinchidan, Oʻzbekistondagi foydalanishga yaroqsiz yerlarda, daryo va kanallar atrofiga togʻ yovvoyi mevali daraxtlarini ekib, “yashil belbogʻ” barpo qilish kerak. Chunki, bu yovvoyi mevali daraxtlar suvni bugʻlantirmaydi, aksincha, havodagi namlikni soʻrib, yer tagida buloqlar paydo boʻlishini taʼminlaydi.

Ikkinchidan, barcha mavjud daryo va kanallarni yer sathidan 10 metr chuqurligini taʼminlash lozim.

Uchinchidan, Orol atrofidagi choʻl hududlarida ham yovvoyi mevali daraxtlardan bogʻlar barpo qilish kerak. Bu ishning bir necha usullari bor va amalda natijasi ijobiy samara beradi desam, mubolagʻa boʻlmaydi”

Petitsiya shu yil 8-yanvarda joylashtirilgan boʻlib, hozirga qadar 500 nafar kishi ovoz bergan.

Nukuslik bir guruh faollar shahar ichiga madaniy meva daraxtlarini ekishni taklif qilmoqda. Yaʼni ular 2020-yilga munosib tarzda 2020 olcha daraxtini oʻtqazish uchun aksiya boshlagan. Guruhdagi faollar asosan 40 nafar qizlardir. Ular ijtimoiy tarmoqlarda oʻzlarini Qirq qiz deb atamoqda.

“Daraxt ekishga eng qulay vaqt bu 20 yil avval edi, boʻlmasam hozir“ degan xitoy maqolini shior qilgan guruh faollari olcha daraxtlarini Nukus shahrining markaziy koʻchalariga ekishni rejalashtirmoqda. Nima uchun aynan olcha daraxtini ekishga kirishganini ular quyidagicha izohlaydi:

Shahrimiz yerida 90-110 smdan soʻng shoʻr suv chiqib ketadi. Agar olma-nok va boshqa mevali daraxtlarni ekadigan boʻlsak, ular 2-3 yildan keyin tomirlari shoʻr suvga taqalib, oʻlib qolish xavfi bor, chunki ularning tomirlari pastga qarab ketadi. Olcha, ayva daraxtlarining tomirlari esa yotigʻiga qarab oʻsadi, demak olchaning tutib, oʻsib ketish imkoniyati koʻproq.

Guruh faollari ushbu aksiyada ishtirok etuvchilar sonini 2020 ga yetkazish niyatida. Koʻchatlar aksiya ishtirokchilarining oʻz qoʻllari bilan ekilsa, oʻzlari ham uning oʻsib-ulgʻayishiga befarq boʻlmaydi, deb ishonadi. Koʻchatlar talabga mos keladigan bitta joydan xarid qilinishi rejalashtirilmoqda.

Ayni shu kunlarda Fargʻona viloyati, Rishton tumani, Oq tomir qishlogʻida istiqomat qiladigan mehnat veterani Janobiddin Soliyev Orolning qurigan tubida olib borilayotgan ishlarga hissa qoʻshish maqsadida Qoraqalpogʻistonga ekish uchun 1000 dona tut daraxti koʻchatlarini yubormoqchi ekanligini, lekin buning uchun transportdan yordam kerakligini maʼlum qilgan edi. Shoʻmanoylik tadbirkor Seydabulla Medetov esa otaxonga yordam berishi mumkinligini maʼlum qilmoqda.

Shunday tadbirlarning bittasi “My garden in the Aral Sea” loyihasi toʻgʻrisida gazetamizning oʻtgan sonida maʼlumot bergan edik. Unga koʻra, har bir fuqaro yoki sayyoh Orolning qurigan tubiga choʻl yoki manzarali daraxt ekishi mumkin. Oʻtqazilgan oʻsimlikning ahvoli toʻgʻrisidagi maʼlumotlar esa doim ishtirokchiga maʼlum qilinib boriladi. Loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Orolboʻyi xalqaro innovatsiya markazi tomonidan amalga oshirilmoqda.

 

Е.Qanoatov, OʻzA