Tadbir Prezidentimizning oʻquvchi-yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sanʼat, sport, axborot texnologiyalari, kitob oʻqishga qiziqishni oshirish, oʻquvchi-qizlarni ijtimoiy faol hayotga jalb etish boʻyicha 5 ta muhim tashabbusini amalga oshirish maqsadida tashkil etilmoqda.
2019-yil oktyabr-noyabr oylarida oʻtkazilgan “Umumtaʼlim maktablarida 5 tashabbus” festivalining mantiqiy davomi boʻlgan festival-tanlov haftalik shaklda tashkil etilishi belgilangan. Uning doirasida 6 tanlov va festival oʻtkaziladi.
“Vatanni madh etish oliy saodat” shiori ostida xor jamoalari ijrosidagi koʻrik-tanlovi 25-fevraldan boshlab umumtaʼlim maktablari, Mehribonlik uylari va imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari oʻrtasida oʻtkaziladi. Koʻrik-tanlovda “Vatan va bahor” haqidagi qoʻshiqlar ijro etiladi.
“Yoshlik raqsi” koʻrik-tanlovi 1-martdan boshlanadi. Unda yuqori sinf oʻquvchilaridan iborat umumtaʼlim maktablari raqs toʻgaraklari aʼzolarining 6 nafari (3 nafar oʻgʻil bola, 3 nafar qiz bola) qatnashadi. Koʻrik-tanlovning mamlakat bosqichi Andijon viloyatida oʻtkaziladi.
“Bolalar spartakiadasi” milliy va harakatli sport oʻyinlari boshlanishi 25-fevralga moʻljallangan boʻlib, umumtaʼlim maktablarining 7-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida tashkil etiladi. Unda milliy va harakatli oʻyinlar namoyish etiladi.
“Yosh kitobxonlar” koʻrik-tanlovi esa 1-martdan boshlanadi. Respublika Bolalar kutubxonasining facebook.com ijtimoiy tarmogʻidagi sahifasida savollar berib boriladi. Koʻrik-tanlov shartiga koʻra 60 nomdagi badiiy adabiyotlar mutolaa uchun uyga vazifa qilib beriladi.
“Qizlarjon” koʻrik-tanloviga 25-fevraldan start beriladi. Koʻrik-tanlovda 5 oʻquvchi-qiz 5 tashabbusning har bir yoʻnalishidan iborat shartlar, yaʼni “Men isteʼdodman”, “Sport malikasi”, “Texno tashabbus”, “Kitobning doʻstiman”, “Daromadli oshxona” boʻyicha bellashadilar.
“Obod maktab” ekologik tanlovida 5 loyiha va aksiya tashkil etiladi. 1-martdan boshlab maktablar obodonlashtiriladi hamda oʻquvchilar daraxtlarga shakl berib, parvarishlaydi. Shuningdek, mazkur tanlov doirasida “Mehrli gullar”, “Oʻquvchilar bogʻi” loyihalari, “Tabiatning doʻstiman” aksiyasi, “Hashar navolari” media tanlovi oʻtkaziladi.
Festivalda hududlarda jami 2,6 million oʻquvchi-yosh ishtirok etishi kutilmoqda. Mamlakat bosqichida 700 ga yaqin oʻquvchi va oʻqituvchilar gʻoliblik uchun kurashadi.
Gʻolib boʻlgan oʻquvchi, oʻqituvchilar hamda taʼlim muassasalariga musiqa jihozlari, sport inventarlari, kompyuter, media jihozlar, badiiy adabiyotlar va oshxona anjomlari sovgʻa qilinadi.
Festival jarayonlari haqidagi maʼlumotlarni facebook.com va telegram ijtimoiy tarmoqlarida tashkil etilgan “5 tashabbus maktabda” guruhi va kanalida kuzatib borish imkoniyati mavjud.