Haydovchi nega 15 sutkaga qamaldi?

Nukus shahar maʼmuriy sudi bir yilning ichida uchinchi marotaba spirtli ichimlik isteʼmol qilib avtomashina haydagan fuqaroga 15 sutka qamoq jazosini belgiladi.
– Sudlanuvchi K.M. bir yilning ichida toʻrt marotaba yoʻl harakati xavfsizligi qoidasini buzgan, – deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Yoʻl harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot guruhi xodimi S. Qallibekov. – Uch marotaba spirtli ichimlik taʼsirida avtomashini boshqargan boʻlsa bir holatda fuqaroni avtomashinada urib yuborganlikda ayblangan. Yaʼni bir marotaba voyaga yetmagan qizni avtomashinasida urib ketib voqea joyidan qochib ketgan. Shunga qaramasdan fuqaro K.M. yana bir marotaba spirtli ichimlik ichib avtomashina haydagan. Ushbu fuqaroga maʼmuriy sud tomonidan 15 sutkaga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Boshqarma tomonidan berilgan maʼlumotga koʻra, 2019-yilda Qoraqalpogʻiston boʻyicha jami 400 yoʻl-transport hodisasi roʻyxatga olingan va oqibatida 105 nafar kishi vafot etgan, 358 nafar kishi har xil darajadagi tan jarohatlarini olgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, general-leytenant P.Bobojonov yaqinda Qoraqalpogʻistonga tashrifi davomida 7 nafar rahbar xodimlarni ishdan olgan edi, ularning orasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl-patrul xizmati otryadi komandirining oʻrinbosari A.Masharipov ham bor.

 

Ye.QANOATOV, OʻzA muxbiri