Endi bankomatlar naqd pulni plastikka oʻtkazib beradi

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoni loyihasi va 2020-yil Davlat dasturi loyihasi eʼlon qilindi.

Loyihalarda:

* xorijiy mutaxassislar ishtirokida “yashirin iqtisodiyot”ning vujudga kelish omillarini tahlil qilish va unga qarshi kurashish dasturini tasdiqlash;

* “raqamli markirovka va onlayn kassa” loyihasini oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishini nazoratga olish;

* internet-savdo (elektron tijorat) sohasidagi subyektlarni aniqlash tartibini takomillashtirish, qoʻshilgan qiymat soligʻini hisoblash va toʻlashni hisobga olgan holda soliqqa tortish mexanizmini ishlab chiqish;

* “yuk tashish monitoringi” yagona axborot platformasida tijorat transporti sohasini roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va amalga oshirish monitoringi uchun zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish;

* “E-ombor” tovarlarini hisobga olishning elektron tizimini ishlab chiqish va joriy etish, import qilinadigan tovarlar boʻyicha elektron shaklda hisobotlarni tayyorlashni taʼminlash;

* import qilingan oziq-ovqatlar, maʼdanli va gazlangan suvlar, tarkibida alkogol boʻlmagan boshqa ichimliklarni majburiy markirovka qilishni bosqichma-bosqich joriy etish;

* soliq organlarida markirovka qilish majburiy boʻlgan tovarlarni hisobga olishning elektron bazasini yaratish;

* gastrol-konsert faoliyatida elektron bilet tizimini joriy etish;

* yakka tartibdagi tadbirkorlar noqonuniy faoliyatini qisqartirish mexanizmlarini ishlab chiqish;

* oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarning faoliyatini tartibga solishni yana-da takomillashtirish, ularni soliqqa tortish, ish stajini hisobga olish va faoliyat yuritish tartibini soddalashtirish;

* “yashirin iqtisodiyot” subyektlarini aniqlash mexanizmini takomillashtirish;

* savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat koʻrsatish subyektlari tomonidan ishlatilayotgan turli dasturiy mahsulotlarni Davlat soliq qoʻmitasining Maʼlumotlarni qayta ishlash markaziga integratsiya qilish;

* bankomatlar orqali naqd pul mablagʻini bank plastik kartalari yoki bank hisob raqamlariga oʻtkazish imkoniyatini yaratish;

* mazkur karta va hisob-raqamlar egalariga amalga oshirilgan operatsiya qiymatining maʼlum miqdorida bonuslar taqdim etish tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Ijro uchun masʼullar — Vazirlar Mahkamasi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Moliya vazirligi, Markaziy bank, Davlat bojxona qoʻmitasi, Hisob palatasi, Bosh prokuratura, Savdo-sanoat palatasi, Transport vazirligi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

 

OʻzA