Mo‘ynoq – endi chekka hudud emas

Mo‘ynoq – bugun yurtimizning eng olis va chekka tumani emas, balki qaynoq voqealar markazidagi, tashabbuslar og‘ushidagi, o‘zgarishlarga oshufta markaziy hududlardan biriga aylandi.
Sir emas, sal ilgari Mo‘ynoq desa, Orol tark etgan, tuz koniga aylangan, qolaversa, mamlakatimizning eng olis va chekka tumani tushunilardi. Bu yerga borishni hech kim orzu ham qilmas, aksincha bu yerdagilar boshqa joylarni ko‘zlardi, adashmasam.
Keyingi bir-ikki yilda esa Mo‘ynoqqa bo‘lgan e’tibor butunlay o‘zgardi. Davlatimiz rahbari bu hududga shaxsan o‘zi borib toza ichimlik suvi tarmog‘i ochilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Shu hayot manbai bilan, ta’bir joiz bo‘lsa, Mo‘ynoqqa hayot qaytdi.
Turli ekspeditsiyalar uyushtirilib, tumanning iqtisodiy salohiyati o‘rganilib, bu yerda yangi loyihalar asosida bunyodkorlik ishlari, ishlab chiqarish inshootlari barpo etilmoqda, yangi turistik manzillar ochilayotir.
Shu kunlarda Orol suvi tortilgan hududlarda saksovulzorlar barpo etilmoqda. Quvonarlisi, bu xayrli ishga yurtimizdagi nufuzli tashkilotlar vakillari, tashabbuskor yoshlar borib hissa qo‘shyapti.
O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tashabbusi bilan esa Mo‘ynoq tumanida yangi avtostansiya barpo etildi.
Kuni kecha tantanali ravishda ochilib, foydalanishga topshirilgan bu inshoot nafaqat mo‘ynoqliklarga, balki bu manzilga ezgu maqsadlar bilan borayotgan kishilarga ham sifatli transport xizmati ko‘rsatilishida muhim o‘rin tutadi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinovning aytishicha, mazkur loyiha qiymati 1 milliard so‘mni tashkil etgan.
Avtostansiya binosi uchun tuman markaziga kirishda Ajiniyoz ko‘chasi bo‘yidan 40×30 m. yer maydoni ajratilib, qurilish ishlari 2019 yilning oktabr oyida boshlangan.
Avtostansiya binosida avtobekatdan tashqari savdo do‘koni, avtotransportlar uchun ehtiyot qismlar do‘koni, dispetcher xonasi, ona va bolalar xonasi hamda yo‘lovchilar uchun zamonaviy kutish joyi bor.
Xullas, endi Mo‘ynoqqa yo‘lingiz tushsa, transport xizmatida muammo bo‘lmaydi. Chunki yangi avtobekat ma’muriyati transport qatnovi yaxshi bo‘lishi uchun barcha choralarni ko‘radi.

 

N.ABDURAIMOVA, O‘zA