O‘zbekistonda yangi universitet ochiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “TEAM universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirildi.
Hujjatga muvofiq, universitet mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi nodavlat oliy ta’lim tashkiloti hisoblanadi, mustaqil balansiga ega, ixtiyorida bo‘lgan pul mablag‘lari va mol-mulki bilan o‘z majburiyatlariga javob beradi.
Universitetda o‘quv-metodik rahbarlik va ta’lim jarayonining olib borilishi tuziladigan bitimlar asosida yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda ham ta’minlanadi.
Ta’lim jarayoni Universitet tomonidan tasdiqlanadigan va xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq ingliz, o‘zbek va boshqa tillarda tashkil etiladi.
Universitetning ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi.
Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasida oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida e’tirof etiladigan davlat va yoki xorijiy hamkor namunasidagi diplom beriladi.
Davlat namunasidagi diplom berilgan taqdirda, universitetda ta’lim jarayoni O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim davlat ta’lim standartlari hisobga olingan holda xorijiy hamkorlarning o‘quv rejalari va dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
Universitetga abiturientlarni qabul qilish va bitiruvchilarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi va qoidalari universitet tomonidan xorijiy hamkorlar bilan kelishgan holda belgilanadi.
Ta’lim raqamli texnologiyalar, masofaviy ta’lim xizmatlari, vebinarlar, onlayn-o‘qitish, “blended learning” va boshqa zamonaviy ta’lim texnologiyalaridan foydalangan holda kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shaklida amalga oshiriladi.
Universitetda ta’lim olish to‘lov-kontrakt asosida, shuningdek yuridik shaxslar – potensial ish beruvchilar tomonidan taqdim etiladigan ta’lim grantlari, shuningdek, yoshlarni o‘qitish uchun ajratilgan xayriya mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar asosida amalga oshiriladi.
Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul kvotalari hamda to‘lov-kontrakt miqdori ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojlardan kelib chiqqan holda universitet tomonidan belgilanadi.

 

Inobat AHATOVA, O‘zA