O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni

Mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va aholi sonining o‘sib borishi ichimlik suviga yuqori talabni, undan oqilona foydalanish zaruratini, shuningdek, respublikaning suv resurslari cheklangan sharoitda zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishni taqozo qiladi.

Shu bilan birga, to‘planib qolgan tizimli muammo va kamchiliklar debitor qarzdorlikni kamaytirishga, to‘lov intizomini mustahkamlashga
va tarmoqning yanada rivojlanishiga to‘siq bo‘lmoqda. Jumladan:

birinchidan, suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish, sarflash va iste’mol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi, oqibatda uning yetkazib berilishi, to‘lovlar o‘tkazilishi va o‘zaro hisob-kitoblar holati haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligi ta’minlanmayapti;

ikkinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan, jumladan menejment va debitor qarzdorlik undiruvini tashkil etish masalalarining samarasiz boshqarilishi tarmoqning to‘liq zarar bilan ishlashiga olib kelmoqda;

uchinchidan, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlari, suv ta’minoti obyektlarining eskirganligi, ko‘pchiligidan qirq yildan ortiq foydalanilishi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish sur’atining pastligi, ayniqsa, joylarda ko‘plab isrofgarchilik va avariyalarga, suvni yetkazishda katta yo‘qotish hamda uzilishlarga olib kelmoqda;

to‘rtinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining elektr energiyasi uchun qarzdorligi yuqori darajada;

beshinchidan, vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari xodimlarining kasbga tayyorgarlik darajasi past, malakali kadrlar tizimdan chiqib ketgan, ushbu sohadagi xodimlar tomonidan huquqbuzarlik sodir etish holatlari mavjud.

Mavjud muammolarni hal qilish bo‘yicha ta’sirchan choralarning ko‘rilmasligi aholini suv bilan barqaror ta’minlash masalasini xavf ostiga qo‘yadi, suv resurslaridan o‘ta nooqilona foydalanilishiga olib keladi va zamonaviy suv tejamkor texnologiyalarni joriy etishga to‘sqinlik qiladi.

Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida boshqaruv tizimini, nazorat va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirish, to‘lov intizomini mustahkamlash maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosiga (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:

suvdan noqonuniy foydalanish, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

suv uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish jarayonini monitoring qilish;

suvni sotish va iste’mol qilishning hisobini yuritishda ishtirok etish.

2. Belgilansinki, Byuro va uning hududiy bo‘linmalariga ushbu Farmonning 1-bandida ko‘rsatilgan vazifalarni bajarishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5059-son Farmoni 4-bandida nazarda tutilgan huquqlar beriladi.

3. Belgilab qo‘yilsinki, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida:

a) Byuro quyidagilar uchun javobgardir:

suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

suvdan noqonuniy foydalanish holatlarini, shuningdek, bevosita iste’molchilar tomonidan foydalanilgan suv hajmi va tegishli hududlar chegarasidagi tarmoqlarga yetkazib berilgan hajm o‘rtasidagi tafovutlarni aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

aniqlangan tafovutlarni bartaraf qilish mexanizmi bo‘yicha takliflar kiritish hamda aybdor shaxslarni javobgarlikka tortish choralarini ko‘rish;

b) O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi quyidagilar uchun javobgardir:

vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan tuzilgan shartnomalarga muvofiq suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatilishini, iste’molchilarga suv barqaror yetkazilishini ta’minlash;

vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilgan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati hajmlari haqidagi hisobot hamda axborotlar, debitor va kreditor qarzdorlik to‘g‘risidagi ma’lumotlarning haqqoniyligi;

vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari tomonidan suv ta’minoti obyektlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlarining holati, ekspluatatsiyasi va ularga ta’mirlash xizmati ko‘rsatilishi ustidan nazoratni ta’minlash;

iste’molchilarga o‘rnatilgan suv iste’molini hisobga olish uskunalarining almashtirilishi, o‘rnatilishi va ekspluatatsiya xizmati ko‘rsatilishini, shuningdek, Byuro bilan birgalikda ular plombalanishini ta’minlash;

texnik shartlar berilishini, suv ta’minoti va suv chiqarish tizimiga iste’molchilarni ulash ishlarining amalga oshirilishini ta’minlash;

Byuroning majburiy talabnomasiga asosan ayrim iste’molchilarning magistral suv quvurlaridan belgilangan tartibda uzilishini ta’minlash.

4. 2018-yil 1-yanvardan boshlab quyidagi tartib joriy etilsin, unga muvofiq:

barcha guruh iste’molchilariga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish 100 foizlik oldindan haq to‘lash asosida amalga oshiriladi. Oldindan haq to‘lanmagan hollarda, mazkur iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan to‘liq uzishgacha bo‘lgan choralar ko‘riladi;

suv ta’minoti va suv chiqarish tizimidan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulashda I guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida, II va III guruh iste’molchilaridan eng kam oylik ish haqining o‘n baravari miqdorida to‘lov qayta ulashni amalga oshirgan tashkilot hisobiga mablag‘larni o‘tkazish orqali undiriladi;

iste’molchi suv iste’molini hisobga olish uskunalarining lozim darajada ekspluatatsiya qilinishi va sozligi uchun javobgar bo‘ladi.

5. O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi:

2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda tuman(shahar)lar kesimida 2017-yil 1-noyabr holatiga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatidan qarzdorligi mavjud bo‘lgan iste’molchilarning shaxsiy ro‘yxatini, shu jumladan iste’molchi – yuridik shaxslar bilan qarzdorlikni taqqoslash bo‘yicha mavjud dalolatnomalarni Byuroga taqdim etsin;

2017-yil 1-dekabrga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda tushumlarning haqqoniy hisobini yuritish va pul mablag‘larining harakatini Byuro tomonidan monitoring qilishni ta’minlovchi, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatidan tushgan mablag‘larni yagona bank hisobraqamlarida jamlash tizimini joriy etsin;

ikki oy muddatda tegishli funksiyalarning Byuroga o‘tkazilishini hisobga olgan holda “Suvoqova” va “Suvsoz” davlat unitar korxonalarining nazoratchi shtat birliklari qisqartirilishini ta’minlasin;

bir hafta muddatda O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Byuro bilan birgalikda Byuro tomonidan suv iste’molchilaridan undiriladigan pul mablag‘laridan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasiga o‘tkaziladigan ajratmalar miqdorlarini nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2017-yil 10-dekabrga qadar muddatda Iste’molchilarga suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish qoidalariga ushbu Farmon talablarini inobatga olgan holda o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Adliya vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribani o‘rgangan holda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashda yo‘qotishlarni aniqlash tartibini tasdiqlasin;

2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashni nazorat qilish va hisobga olishning yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish hamda joriy etishni, shu jumladan suv taqsimlash tarmoqlarida hisobga olish uskunalarini o‘rnatishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2018-yil 1-yanvarga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Ichki ishlar vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suv ta’minoti va suv chiqarish tizimi obyektlarini muhofaza qilishni kuchaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;

2018-yil 1-aprelga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Byuro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlarining barcha guruh iste’molchilarini inventarizatsiya qilsin, shuningdek, iste’molchilar haqida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarga tuzatishlar kiritish bilan bir vaqtda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik auditdan o‘tkazsin;

2019-yil 1-yanvarga qadar muddatda O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi, Byuro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi obyektlari va inshootlariga kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan holda ularni inventarizatsiyadan o‘tkazsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda:

bir oy muddatda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining rentabelligini ta’minlovchi qulay tariflarni belgilash mexanizmlarini nazarda tutgan holda Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun tariflarni belgilash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin;

2018-yil 1-yanvardan boshlab suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun yangilangan tariflarni joriy qilishni ta’minlasin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ikki oy muddatda Suv iste’molchilari – byudjet tashkilotlarini zamonaviy suv iste’molini hisobga olish uskunalari bilan bosqichma-bosqich jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish davlat inspeksiyasi Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda xo‘jalik-ichimlik suv ta’minotini ta’minlash uchun yer usti suvlari chiqarilishining o‘z vaqtida amalga oshirilishi ustidan nazoratni ta’minlasin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda mazkur Farmon talablarini hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining tashkiliy-shtat tuzilmasi va Nizomiga o‘zgartish va qo‘shimchalar bo‘yicha takliflarni kiritsin.

10. Byuro va O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi bir oy muddatda:

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari bilan o‘zaro hamkorlik qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom;

Iste’molchilarni suv quvurlari, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlaridan uzib qo‘yish tartibi to‘g‘risidagi nizom loyihalarini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi Moliya vazirligining Davlat moliya nazorati bosh boshqarmasi, Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi, Markaziy bank va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatini:

boshqaruv va nazorat tizimining samaradorligi, tashkiliy-shtat tuzilmasi hamda xodimlar sonining asosliligiga;

suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish hamda xavfsizligi va sifatini ta’minlash bo‘yicha amaldagi texnik reglamentlarga;

amaldagi ishlab chiqarish-texnika infratuzilmasi va quvvatlarining holatiga;

suv vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining rentabelligi, zamonaviy suv va energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish darajasiga;

suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun narx-navoni shakllantirish va tariflarning asosliligi, o‘zaro hisob-kitoblarning holatiga;

suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatishdan kelib tushadigan pul mablag‘laridan maqsadli foydalanilganligiga;

dasturlar, investitsiya va boshqa loyihalarni ro‘yobga chiqarish holati, amalga oshirilayotgan moliyaviy qo‘yilmalar va jalb etilayotgan, birinchi navbatda, xorijiy investitsiyalarning samaradorligiga;

kredit mablag‘laridan maqsadli foydalanilishiga;

moliya-xo‘jalik faoliyati natijalari, debitor va kreditor qarzdorlik holati, ularni kamaytirish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralarga alohida e’tibor qaratgan holda tanqidiy o‘rgansin.

O‘rganish natijalari bo‘yicha 2018-yil 10-yanvarga qadar muddatda suv ta’minoti va suv chiqarishni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoniga kiritsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi yosh avlodda suvga nisbatan tejamkorona munosabatda bo‘lish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar ko‘rsin.

13. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Bosh prokuraturasi boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda mazkur Farmonning mazmun-mohiyati, shu jumladan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida to‘lash zarurligi, shuningdek, ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini tashkil etsin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi, Byuro va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

15. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori I.B.Abdullayev zimmasiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2017-yil 16-noyabr

* * *

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga
SHARH

O‘tgan davr mobaynida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan aholiga uy-joy kommunal xizmat, jumladan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sifatini tubdan oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi.

Uy-joy kommunal sohasini isloh qilish doirasida suv resurslaridan oqilona foydalanishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayniqsa, bu masala suv resurslari cheklangan, suvga talab oshib borayotgan va mamlakat aholisi soni o‘sib borayotgan sharoitda yanada dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Shu bilan birga, so‘nggi yillarda vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligida to‘planib qolgan tizimli muammo va kamchiliklar suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun qarzdorlikning oshib borishiga va to‘lov intizomining pasayishiga sabab bo‘lib, oxir-oqibatda tarmoqning umuman rivojlanishdan ortda qolishiga olib kelmoqda.

Eng avvalo, so‘z respublika vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligida suvni ishlab chiqarish, sarflash va iste’mol qilishni hisobga olish tizimining amalda mavjud emasligi haqida bormoqda.

Masalan, bugungi kunda respublika bo‘yicha suv olish inshootlari, suv quvurlari, vodoprovod tarmoqlari hamda suv ta’minoti va suv chiqarishning boshqa obyektlarida suvni hisobga olish uskunalari bilan ta’minlash atigi 29,4 foizni, iste’molchilarni qamrab olish esa 42 foizni tashkil etadi.

Oqibatda, amaliyotda suvning yetkazib berilishi, to‘lovlar o‘tkazilishi va o‘zaro hisob-kitoblar holati, shuningdek, iste’molchilarning debitor qarzdorligi haqidagi ma’lumotlarning ishonchliligi ta’minlanmayapti.

Bundan tashqari, uy-joy kommunal sohasida suv ta’minoti korxonalarini, jumladan menejment va debitor qarzdorlik undiruvini tashkil etish masalalarini boshqarishda samarali tizim mavjud emas.

Buning oqibatida yuzaga kelgan vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi korxonalarining zarar bilan ishlashi, shuningdek, mazkur korxonalarda katta miqdordagi kreditor va debitor qarzdorlikning mavjudligi ularning moliyaviy ahvolini ichki imkoniyatlar hisobidan yaxshilash imkonini bermaydi.

Vodoprovod-kanalizatsiya tarmoqlari hamda suv ta’minoti va suv chiqarish obyektlarining aksariyat qismining eskirganligi, shuningdek, ularni yangilash va modernizatsiya qilish sur’atining pastligi ham jiddiy muammolardan hisoblanadi.

Xususan, respublikaning mavjud vodoprovod-kanalizatsiya tarmoqlari va suv ta’minoti obyektlaridan qirq yildan ko‘p muddat davomida foydalanilmoqda, suv quvurlari va suv ta’minoti tarmoqlarining 35 foizidan ortig‘i esa kechiktirib bo‘lmaydigan ta’mirga muhtoj.

Suv ta’minoti va suv chiqarish obyektlarining achinarli ahvoli, ayniqsa, joylarda suvni iste’molchilarga yetkazib berish va sotishda ko‘plab falokat va boshqa salbiy holatlarni, uzilishlarni keltirib chiqarayotgan, deyarli 40 foizga yetayotgan jiddiy yo‘qotishlarga olib kelmoqda.

Vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlarining yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun yuqori darajada qarzdorligi ham tarmoqning rivojlanishiga salbiy ta’sir etayotgan jiddiy muammolardandir.

Masalan, joriy yil 9 oyida suv ta’minoti korxonalarining elektr energiyadan qarzdorligi 43,2 milliard so‘mga ko‘payib, 276,1 milliard so‘mni tashkil etgan.

Vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari xodimlari kasbiy darajasining pastligi, shuningdek, malakali kadrlarning tizimdan ketib qolgani, suv ta’minoti va suv chiqarish korxonalari xodimlari o‘rtasida huquqbuzarlik sodir etish holatlarining mavjudligi xavotir uyg‘otmay qolmaydi.

Misol uchun, faqat 2015-2017-yillar davomida ushbu korxonalar mansabdor shaxslariga nisbatan talon-toroj, qarzdorlikni hisobdan chiqarganlik uchun moddiy manfaatdorlik, noqonuniy ravishda suvdan foydalanganlik va suv ta’minoti tizimlariga ulanganlikni yashirish holatlari bo‘yicha 47 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Respublika aholisini suv bilan barqaror ta’minlashni xavf ostiga qo‘yadigan yuzaga kelgan vaziyatni, shuningdek, uni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan choralar ko‘rish zaruratini inobatga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon qabul qilindi.

Farmonda respublikaning vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligini boshqarish tizimini, suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olish mexanizmlarini tubdan takomillashtirishni, shuningdek, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini mustahkamlashni ta’minlashga qaratilgan kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar nazarda tutildi.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining (keyingi o‘rinlarda Byuro deb yuritiladi) vazifalari doirasi kengaytirilmoqda.

Endilikda, Byuro elektr energiyasi va tabiiy gaz iste’moli uchun to‘lov intizomini mustahkamlash bilan bir qatorda suv ta’minoti va suv chiqarish sohasida to‘lovlar undirilishini ta’minlaydi.

Shu munosabat bilan, Byuroga:

birinchidan, suvdan noqonuniy foydalanish, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

ikkinchidan, suv uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

uchinchidan, suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish jarayonini monitoring qilish;

to‘rtinchidan, suvni sotish va iste’mol qilishning hisobini yuritishda ishtirok etish kabi qo‘shimcha vazifalar yuklatildi.

Yuklatilgan qo‘shimcha vazifalarni bajarish uchun Byuroga ilgari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-maydagi “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5059-son Farmoni 4-bandiga muvofiq taqdim etilgan vakolatlarning barchasi berilmoqda.

Misol uchun, Byuro xodimlari nafaqat elektr energiyasi va tabiiy gaz, shu bilan birga suv yetkazib berilishi va iste’molini hisobga olishning to‘liqligi hamda haqqoniyligi, hisob-kitoblarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi yuzasidan, shu jumladan xo‘jalik yurituvchi subyektlarda Nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi bilan kelishmagan holda tekshirish o‘tkazish huquqiga ega bo‘ldi.

Suv uchun qarzdorlik mavjud bo‘lganda ham, xo‘jalik yurituvchi subyektlarning bank hisobraqamlariga uni so‘zsiz undirish haqida bajarilishi majburiy bo‘lgan inkasso topshiriqnomalari qo‘yiladi, jismoniy shaxslarga nisbatan esa ish haqidan ushlab qolish haqida ish beruvchilarga talabnomalar yuboriladi.

Bundan tashqari, Byuro xodimlari suv uchun hisob-kitoblar o‘z vaqtida amalga oshirilmagan, Byuro talabnomalari ijro etilmagan hollarda, shuningdek, tarmoqqa noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlari aniqlanganda, iste’molchilarni suv ta’minoti va suv chiqarish tarmog‘idan uzish huquqiga ega bo‘ladi.

Farmonning 3-bandida Byuro va Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari sohasida javobgarlik doirasi belgilab berilgan bo‘lib, bu mazkur idoralar faoliyatida bir-birining ishini qaytarish va takroriylik holatlarini istisno qiladi hamda ishonib topshirilgan faoliyat yo‘nalishi uchun javobgarlikning “yo‘qolib ketishi”ga yo‘l qo‘ymaydi.

Farmon qabul qilinishi munosabati bilan suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari uchun hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibiga ham jiddiy o‘zgartishlar kiritildi.

Xususan, 2018-yil 1-yanvardan boshlab bunday xizmatlar uchun 100 foizlik oldindan haq to‘lash tartibi joriy etildi. Bunda suv ta’minoti va suv chiqarish tarmog‘idan ilgari uzib qo‘yilgan shaxslarni qayta ulash iste’molchilar guruhlaridan kelib chiqib ulardan eng kam oylik ish haqining ikki va o‘n baravari miqdorida to‘lov undirish orqali amalga oshiriladi.

Suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlari ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida mas’ul vazirlik va idoralarga qator tashkiliy tadbirlarni o‘tkazish haqida topshiriqlar berildi.

Eng muhim tadbirlardan biri sifatida Farmon qabul qilingandan keyin bir oy muddatda suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashda yo‘qotishlarni aniqlash tartibi tasdiqlanishini ko‘rsatish mumkin.

Bundan tashqari, 2018-yil 1-yanvarga qadar suvni ishlab chiqarish, yetkazib berish va taqsimlashni nazorat qilish va hisobga olishning yagona avtomatlashtirilgan tizimini yaratish hamda joriy etishni, shu jumladan suv taqsimlash tarmoqlarida hisobga olish uskunalarini o‘rnatishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Shu bilan bir qatorda, 2018-yil 1-aprelga qadar suv ta’minoti va suv chiqarish xizmatlarining barcha guruh iste’molchilarini inventarizatsiya qilish, shuningdek, iste’molchilar haqida yagona elektron ma’lumotlar bazasini yaratish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovlarga tuzatishlar kiritish bilan bir vaqtda suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimi obyektlarini texnologik auditdan o‘tkazish rejalashtirilgan. 2019-yil 1-yanvarga qadar esa vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi obyektlari va inshootlari kadastr hujjatlarini rasmiylashtirgan holda inventarizatsiya qilinadi.

Bundan tashqari, Davlat rahbari tomonidan mas’ul vazirlik va idoralar oldiga vodoprovod-kanalizatsiya xo‘jaligi tashkilotlari faoliyatini tanqidiy o‘rganish hamda natijasi bo‘yicha suv ta’minoti va suv chiqarishni boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish yuzasidan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kiritish vazifalari qo‘yildi.

Farmonda yosh avlodda suvga nisbatan tejamkorona munosabatda bo‘lish va undan oqilona foydalanish madaniyatini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan, xalq ta’limi, oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklariga tegishli topshiriqlar berildi.

Farmonning amalga oshirilishi, hech shubhasiz, suv ta’minoti va suv chiqarish xizmati ko‘rsatish sohasida to‘lov intizomini tubdan takomillashtirishga xizmat qiladi, bu esa tarmoqning moliyaviy-iqtisodiy holatini sog‘lomlashtirish va umuman uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish imkonini beradi.