Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
f a r m o n i
Keyingi yillarda respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb qilish va biznesni yuritish uchun qulay muhit yaratish, tadbirkorlarning qonuniy manfaatlarini himoya qilishning huquqiy kafolatlarini mustahkamlash sohasida keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi.
Jumladan, soliq tizimi tubdan isloh qilindi, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish tartibi sezilarli darajada soddalashtirildi, tadbirkorlik subyektlarining moliyaviy-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan rejali tekshirishlar bekor qilindi.
2019 yilning I choragi yakunlari boʻyicha loyihalarni amalga oshirishga 16,4 trillion soʻm hajmda kreditlar ajratildi, iqtisodiyotda investitsiyalarni oʻzlashtirish hajmlari 1,3 baravarga, yangidan tashkil etilgan tadbirkorlik subyektlari soni 2,3 baravarga oʻsdi.
Shu bilan birga, tahlil hozirgi vaqtda aholini tadbirkorlik faoliyatiga kengroq va faol jalb etishga toʻsqinlik qiluvchi, birinchi navbatda davlat organlarining tadbirkorlar bilan muloqot qilishning amaliy va shaffof tizimi mavjud emasligi bilan bogʻliq boʻlgan bir qancha salbiy omillar saqlanayotganligini koʻrsatadi. Xususan:
birinchidan, tadbirkorlarni qabul qilish va murojaatlarini koʻrib chiqishning yagona tizimi mavjud emas, bu esa yuzaga kelayotgan masalalarni toʻliq qamrab olish va tezkorlik bilan hal etish imkonini bermayapti, tadbirkorlarning muammolari va murojaatlarini hal etishga yuzaki munosabatda boʻlish holatlari mavjud;
ikkinchidan, mavjud tizimli muammolarni tahlil qilish boʻyicha ishlarning samarali amalga oshirilmasligi aholining tadbirkorlik faolligini oshirish va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash masalalarini sifatli hal qilish imkonini bermayapti;
uchinchidan, tadbirkorlikni rivojlantirishga va qulay investitsiya muhitini shakllantirishga toʻsqinlik qiluvchi muhim muammolarni aniqlash va hal etish boʻyicha vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini muvofiqlashtirishning taʼsirchan mexanizmi mavjud emas;
toʻrtinchidan, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlari tomonidan tadbirkorlar bilan bevosita muloqot qilishga, shuningdek, ularning qonuniy talablarini aniqlash va tezkorlik bilan hal qilishga hamda muammolarni bartaraf etishga yetarlicha eʼtibor berilmayapti;
beshinchidan, tadbirkorlarning murojaatlari bilan ishlashda,ayniqsa, joylarda byurokratik toʻsiqlar va gʻovlar uchrab turibdi, “Har bir oila – tadbirkor”dasturi va tadbirkorlarning kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan tashabbuslarini oʻz vaqtida amalga oshirish,ushbu jarayonga yoshlar va xotin-qizlarni jalb qilish, barqaror yangi ish oʻrinlari yaratish, aholi turli toifalarining moddiy farovonligini oshirish barcha darajadagi hokimliklar va ularning rahbarlari tomonidan zarur darajada qoʻllab-quvvatlanmayapti.
Tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari bilan ishlashni tashkil etish sifati va tezkorligini oshirish, ular bilan ochiq va toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni taʼminlash, ularning qonuniy talablarini amaliy va samarali roʻyobga chiqarish va muammoli masalalarni hal etish, hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga real hissani koʻpaytirish, aholining ish bilan bandligini oshirish va uning moddiy farovonligini oʻstirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Adliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasining Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini (keyingi oʻrinlarda – Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari) tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
2. Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatining asosiy yoʻnalishlarietib quyidagilar belgilansin:
tadbirkorlik subyektlarini hamda chet ellik investorlarni qabul qilish, shu jumladan, videokonferensaloqa vositasida va sayyor qabullarni oʻtkazish;
tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya qilinishini taʼminlash;
tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan muammoli masalalarni koʻrib chiqish va mavjud byurokratik, shu jumladan, yer uchastkalari va binolar, kreditlar ajratish, ruxsat beruvchi hujjatlarni olish masalalaridagi toʻsiqlarni bartaraf etish;
tadbirkorlikni rivojlantirishga va chet el investitsiyalarini jalb etishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni monitoring qilish, umumlashtirish va tahlil qilish, shuningdek, bu sohadagi qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
tadbirkorlarning muammolarini hal etish maqsadida ularni qabul qilish, umumlashtirish, monitoring olib borish va nazorat qilish uchun samarali platforma joriy etilishini nazarda tutuvchi “business.gov.uz” yagona interaktiv portali faoliyat koʻrsatishini taʼminlash.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tuzilmasidaOʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati (keyingi oʻrinlarda – Kotibiyat) 1-ilovaga muvofiq tashkil etilsin.
4. Quyidagilar:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining namunaviy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
tumanlar va shaharlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining namunaviy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari ishini tashkil etish sxemasi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarida tadbirkorlarni, shu jumladan, chet ellik investorlarni qabul qilish hokimliklar, Savdo-sanoat palatasining tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, investitsiyalar va savdo, adliya, soliq inspeksiyasi, qurilish, davlat kadastri organlari, bank va boshqa tashkilotlarning hududiy organlari vakillari ishtirokida tasdiqlangan jadval boʻyicha har kuniamalga oshiriladi;
murojaatda koʻrsatilgan qonuniy talablar va takliflarni tuman va shahar darajasida qanoatlantirish imkoniyati boʻlmasa, ular Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga yuboriladi;
respublika darajasida hal etilishi kerak boʻlgan tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Savdo-sanoat palatasining rahbarlari va boshqa vakolatli organlar ishtirokida koʻrib chiqish uchun Kotibiyatga yuboriladi;
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri murojaatlari vakolatli organlar tomonidan hal etilmagan tadbirkorlik subyektlarini, shu jumladan, chet ellik investorlarni doimiy asosda shaxsan qabul qiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining qarori talab etiladigan tadbirkorlarning, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlari Kotibiyat tomonidan unga koʻrib chiqish va tegishli qaror qabul qilish uchun kiritiladi;
tadbirkorlarning murojaatlarida koʻrsatilgan masalalarni tartibga soluvchi normalar mavjud boʻlmagan taqdirda, Kotibiyat tomonidan qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqiladi va Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga belgilangan tartibda koʻrib chiqish uchun kiritiladi;
Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil bilan birgalikda tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan sabablar va sharoitlarni hududlar va sohalar kesimida doimiy ravishda tahlil qiladi va tizimlashtiradi, Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga ishbilarmonlik muhitini yaxshilash boʻyicha har chorakda aniq takliflar kiritadi.
6. Belgilansinki:
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalaridatadbirkorlarning davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar, shuningdek, boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslariningharakati (harakatsizligi) yuzasidan murojaatlari koʻrib chiqiladi;
qarori yoki harakati (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilinayotgan tashkilotlarning mansabdor shaxslariga murojaatlarni koʻrib chiqish uchun asossiz topshirish taqiqlanadi;
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari oʻz faoliyatini Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlikka koʻmaklashish markazlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi va uning hududiy markazlari bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiradi;
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarihududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish sektorlari (keyingi oʻrinlarda – sektorlar), davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan birgalikda tadbirkorlik subyektlarining muammolarini aniqlaydilar va ularning hal etilishini taʼminlaydilar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari sektorlar va hududiy tashkilotlar rahbarlarining tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash boʻyicha faoliyati toʻgʻrisidagi axborotni har chorakda tegishli xalq deputatlari Kengashi majlislarida muhokama qilish uchun kiritadilar, ushbu axborot boʻyicha masʼul tashkilotlar rahbarlarining hisobotlari eshitiladi.
7. Quyidagi hisobot tizimi amaliyotga joriy etilsin, unga muvofiq:
a) tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari har oyning 5 sanasigacha Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga va investitsiyalarni jalb qilishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli kamchiliklar toʻgʻrisidagi axborotni kiritadilar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari rahbarlari har oyning 7 sanasigachaKotibiyatga amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi yigʻma-tahliliy axborotni hamda tadbirkorlikni rivojlantirishga va investitsiyalarni jalb qilishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni bartaraf etish boʻyicha asoslangan takliflarni kiritadilar;
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyati natijalari har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining raisligida alohida yigʻilishlarda, shu jumladan, videokonferensaloqa orqali koʻrib chiqiladi;
b) Kotibiyat Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vazirigatadbirkorlardan, shu jumladan, chet ellik investorlardan Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan murojaatlarning koʻrilishi jarayoni haqida har haftada axborot kiritadi;
v) Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri har chorakda Oʻzbekiston Respublikasining Prezidentini:
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining ishi natijalari, tadbirkorlar hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, shuningdek, mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash yuzasidan davlat organlari faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar haqida;
qabul qilingan qarorlar yoki mansabdor shaxslarni ragʻbatlantirish yoxud ularni tadbirkorlik subyektlarining, shu jumladan, chet ellik investorlarning murojaatlarini yuzaki koʻrib chiqqanligi yoki koʻrib chiqishdagi harakatsizligi uchun shaxsiy javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar toʻgʻrisida xabardor qiladi.
8. Quyidagilarga:
adliya vaziri R.Davletovga – Davlat xizmatlari agentligi boʻlinmalarining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari bilan samarali oʻzaro hamkorligi, qonun hujjatlaridagi boʻshliqlar va kamchiliklarni hal etish boʻyicha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining oʻz vaqtida va sifatli ishlab chiqilishi, tadbirkorlik faoliyati erkinligi kafolatlari taʼminlanishi boʻyicha choralar koʻrilishi uchun;
Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromovga – Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari tomonidan tadbirkorlarning qabul qilinishini tashkil etishda yordam berish, hududlar va boshqaruv organlari kesimida tadbirkorlikni rivojlantirishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlash, qonun hujjatlarini takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqilishi uchun;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.Qosimovga –Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga murojaat qilgan tadbirkorlarga yordam berish boʻyicha amaliy choralar koʻrilishi hamda ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilganligi uchun nazorat qiluvchi va boshqa organlarning aybdor mansabdor shaxslarining javobgarlikka tortilishi uchun;
investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqovga – Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga chet el investitsiyalarini jalb qilish va ular ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish bilan bogʻliq muammolarni hal etishda, shuningdek, tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning tashqi bozorlarga kirishiga koʻmaklashish uchun;
Hisob palatasi raisiga – Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga kelib tushgan tadbirkorlar murojaatlarining vakolatli organlar tomonidan oʻz vaqtida koʻrib chiqilishini nazorat qilish, ularning murojaatlari boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar sifati va Vazirlar Mahkamasiga aybdor mansabdor shaxslarni belgilangan tartibda javobgarlikka tortish boʻyicha takliflar kiritilishi uchun;
vazirliklar, idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlariga – Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari bilan samarali oʻzaro hamkorlik qilinishi, tadbirkorlar muammolarining xolisona va adolatli hal etilishi, murojaatlarni koʻrib chiqish natijalari toʻgʻrisida tegishli Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalariga, shu jumladan, “business.gov.uz” yagona interaktiv portalidan foydalangan holda xabar berilishi uchun shaxsiy masʼuliyat yuklansin.
9. Belgilab qoʻyilsinki:
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining shtat birligi tegishli Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari apparatlarining, Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi va Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi hududiy boʻlinmalarining shtat birliklarini 5-ilovaga muvofiq qisqartirish hisobiga shakllantiriladi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, shuningdek, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari xodimlarining Yagona tarif setkasi boʻyicha razryadlari va ular mehnatiga haq toʻlash fondi tarkibi 6 va 6a-ilovalarga muvofiq belgilanadi;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, shuningdek, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari xodimlariga ilgari ishlagan joyida koʻp yillik mehnati uchun berilgan ustamalar va qoʻshimcha haq, harbiy (maxsus) unvonlar va martaba darajalari saqlanib qoladi;
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining boshqaruv xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan belgilangan tartibda lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod qilinadilar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini tegishli davlat xizmatlari markazlari binolarida joylashtirish yuzasidan bir hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga koʻrib chiqish uchun takliflar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi, tumanlar va shaharlardagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini zarur mebel va anjomlar, axborot-kommunikatsiya vositalari (kompyuter, printer, nusxa koʻchirish apparati, internet), aloqa vositalari (telefon, faks) bilan jihozlash yuzasidan oʻn kunlik muddatda Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziriga koʻrib chiqish uchun asoslangan takliflar kiritsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini moliyalashtirish, shu jumladan, ular xodimlari mehnatiga haq toʻlash, moddiy-texnika taʼminoti va ularning faoliyati bilan bogʻliq boshqa xarajatlarni qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan zarur mablagʻlar;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari uchun 14 ta avtotransport vositasini saqlash uchun limit ajratsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda“business.gov.uz” yagona interaktiv portalini ishlab chiqsin va ishga tushirsin, unda quyidagi asosiy imkoniyatlarning mavjud boʻlishi nazarda tutilsin:
tadbirkorlar tomonidan hududlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa parametrlar kesimida muammo kelib chiqqan aniq biznes-jarayonni aks ettiruvchi murojaat qilinishi;
ariza beruvchi tomonidan oʻzining shaxsiy kabineti orqali murojaatning koʻrib chiqilishi jarayonini real vaqt rejimida kuzatib borilishi;
qulay ishbilarmonlik muhitini shakllantirishga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni avtomatik rejimda aniqlash imkonini beruvchi tadbirkorlar murojaatlarining tizimlashtirilgan yagona maʼlumotlar bazasi yaratilishi.
13. Vazirlar Mahkamasi ikki hafta muddatda:
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyati toʻgʻrisidagi nizomni;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari toʻgʻrisidagi nizomni;
tumanlar va shaharlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlasin.
14. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari – A.J.Ramatov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil D.S.Qosimov, Adliya vazirligi (R.K.Davletov), Davlat soliq qoʻmitasi (B.A.Musayev), Savdo-sanoat palatasi (A.I.Ikromov) hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari bilan birgalikda oʻn kun muddatda Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarini ularga yuklangan vazifalarni yuksak professional darajada hal etilishini taʼminlashga qodir boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan taʼminlashga doir takliflarni Vazirlar Mahkamasiga koʻrib chiqish uchun kiritsin.
15. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
16. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi va Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalarining maqsad va vazifalarini, shuningdek, ularning faoliyat natijalarini yoritish yuzasidan maqolalar, mavzuli koʻrsatuv va eshittirishlar tashkil etsinlar.
“Uzbekistan Airports” AJ Tadbirkorlar murojaatlarini koʻrib chiqish qabulxonalari toʻgʻrisidagi axborot bannerlarini aeroportlarning terminallarida joylashtirilishini taʼminlasin.
17. Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov ushbu Farmonda belgilangan talablar va vazifalarni oʻz vaqtida amalga oshirish yuzasidan aniq chora-tadbirlar kompleksi – “Yoʻl xaritasi”ni bir hafta muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 14 may