Toshkent shahrida Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazini tashkil etish toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
 
q a r o r i


Soʻnggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlimni rivojlantirish, taʼlim faoliyatiga ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish, kadrlarni tayyorlash sifatini oshirish, taʼlim, ilm-fan va ishlab chiqarishni integratsiya qilishning taʼsirchan mexanizmlarini yaratishga yoʻnaltirilgan keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, taʼlim xizmatlarining zamonaviy rivojlanish tendensiyasi tarmoqqa xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari ilgʻor tajribasini yanada joriy etish, ular bilan yaqin sheriklik munosabatlarini mustahkamlash, taʼlim sohasiga chet el investitsiyalarini jalb etish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish zarurati mavjudligidan dalolat bermoqda.

Iqtisodiyot tarmoqlari uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, oliy taʼlim sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq:

1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Vebster universitetining (AQSH) (keyingi oʻrinlarda – Universitet) Toshkent shahrida Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazini (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

2. Belgilab qoʻyilsinki:

Markaz oliy taʼlim muassasasi – yuridik shaxs shaklidagi Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblanadi, alohida mol-mulk, mustaqil balansga ega, tasarrufidagi pul mablagʻlari va mol-mulk bilan oʻz majburiyatlari boʻyicha javobgar hisoblanadi;

Markaz Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi va Universitet (keyingi oʻrinlarda – taʼsischilar) tomonidan taʼsis etiladi;

Markaz taʼsischilar bilan kelishilgan holda taʼlimning bakalavriat bosqichi asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklariga muvofiq mutaxassislar tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish, shu jumladan, ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlashni amalga oshiradi;

Markazda oʻqitish kunduzgi taʼlim shaklida, toʻlov-kontrakt asosida, ingliz tilida, jumladan, elektron taʼlim va masofaviy taʼlim texnologiyalarini qoʻllagan holda Universitet tomonidan tasdiqlangan oʻquv rejalar va dasturlar asosida amalga oshiriladi;

Markazda toʻlov-kontrakt asosida taʼlim berish narxi miqdori taʼsischilar bilan kelishilgan holda belgilanadi;

Markazda taʼlim faoliyati 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab amalga oshiriladi;

Markazga abituriyentlar qabuli va bitiruvchilar attestatsiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda Universitet tomonidan belgilangan talab, tartib va muddatlarga muvofiq amalga oshiriladi;

Markaz bitiruvchilariga Oʻzbekiston Respublikasida oliy maʼlumot toʻgʻrisidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

3. Markazning asosiy vazifalari va faoliyat yoʻnalishlari etib quyidagilar belgilansin:

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, ommaviy axborot vositalari, tadbirkorlik, tabiiy fanlar va pedagogika sohalarida xalqaro standartlar darajasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashni taʼminlash;

iqtisodiyot tarmoqlariga innovatsiyalarni joriy qilishni ragʻbatlantirish, ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish imkoniyatlarini kengaytirish, taʼlim oluvchilarning innovatsion gʻoyalarini amalga oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish;

respublika oliy taʼlim tizimiga zamonaviy taʼlim texnologiyalariga asoslangan oʻquv jarayonlarini joriy qilish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni tatbiq etish, ochiq axborot-taʼlim muhitini rivojlantirishga koʻmaklashish;

pedagog kadrlarning professional mahorati darajasi va sifatini ogʻishmay oshirib borish, Markazning professor-oʻqituvchi xodimlarini xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy taʼlim muassasalarida malaka oshirishi va stajirovka oʻtashi;

taʼlim va ilm-fanning uzluksizligi va izchilligi tamoyili, shuningdek, jahon taʼlimi va ilmiy hamjamiyatga uygʻun integratsiyalashuvi asosida mutaxassis va ilmiy kadrlar tayyorlash tizimini rivojlantirish;

taʼlim va ilmiy sohalarda xorijiy mamlakatlarning yetakchi taʼlim muassasalari, ilmiy-tadqiqot markazlari bilan uzoq muddatli aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash.

4. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki, Universitet:

taʼlim jarayoniga ilgʻor pedagogik va axborot texnologiyalarini, ilm-fan va texnikaning eng yangi yutuqlarini tatbiq etishni taʼminlashga koʻmaklashadi;

Markaz mutaxassislari malakasini oshirish va professor-oʻqituvchi xodimlarini qayta tayyorlashni tashkil qiladi;

Markaz kutubxona fondini shakllantirish va uni zamonaviy oʻquv, oʻquv-uslubiy va ilmiy-texnik adabiyotlar bilan boyitishga koʻmaklashadi;

Oʻzbekiston Respublikasining boshqa oliy taʼlim muassasalari bilan tuzilgan oʻzaro bitimlar asosida qoʻshma taʼlim dasturlari boʻyicha mutaxassislar tayyorlashni amalga oshiradi;

Universitetning malakali professor-oʻqituvchilarini Markazda taʼlim berish va oʻquv jarayonini tashkil etish uchun jalb qiladi.

5. Belgilab qoʻyilsinki:

a) Markazga taʼlim oluvchilarni qabul qilish kvotalari manfaatdor vazirlik, idora va boshqa tashkilotlarning tegishli kadrlarga boʻlgan ehtiyojini hisobga olgan holda taʼsischilarning qoʻshma qaroriga binoan tasdiqlanadi;

b) Markaz faoliyatini moliyalashtirish quyidagilar hisobidan amalga oshiriladi:

toʻlov-kontrakt asosida talabalarni oʻqitishdan tushgan mablagʻlar;

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining asoslangan buyurtmalariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari;

xalqaro moliya institutlari grantlari;

qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

v) Markazni tashkil etish, uning moddiy-texnika va taʼlim bazasini shakllantirish, shuningdek, taʼmirlash-tiklash, bino va inshootlarni zarur mebel, inventar, zamonaviy oʻquv va laboratoriya uskunalari, kompyuter va boshqa tashkiliy texnikalar bilan jihozlash boʻyicha tashkiliy-amaliy chora-tadbirlarni moliyalashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining Oliy taʼlim muassasalarini rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

g) Markaz professor-oʻqituvchilari, shu jumladan, xorijdan jalb qilinadigan xodimlarning mehnatiga haq toʻlash va xizmat safari xarajatlari Universitet mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.

6. Universitetga:

kadrlarga boʻlgan ehtiyoj va mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi istiqbolidan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda taʼlimning bakalavriat bosqichi asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklarini ochishga;

professor-oʻqituvchi xodimlar, shuningdek, pedagogik va ilmiy ish olib borishga jalb etiladigan boshqa shaxslar mehnati, yashashi hamda transport xarajatlari uchun ularga belgilangan tariflar boʻyicha toʻlov amalga oshirishga ruxsat berilsin.

7. Quyidagilar:

Toshkent shahridagi Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazini tashkil etish boʻyicha tashkiliy komissiya tarkibi (keyingi oʻrinlarda – Tashkiliy komissiya) 1-ilovaga muvofiq;

Toshkent shahridagi Vebster universitetining taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazida taʼlimning bakalavriat bosqichi asosiy yoʻnalishlari va magistratura mutaxassisliklari roʻyxati 2-ilovaga muvofiq maʼqullansin.

8. Tashkiliy komissiya (A.Abduhakimov):

a) 2019 yil 1 avgustga qadar Markazning bino va inshootlari rekonstruksiya qilinishi, shuningdek, Markaz professor-oʻqituvchilari uchun yashash joylari tayyorlanishini;

b) 2019 yil 31 avgustga qadar Markazni zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari, kompyuter va tashkiliy texnika, oʻqitishning texnik vositalari, adabiyotlar, multimedia mahsulotlari, inventar, mebel va boshqa moddiy-texnik vositalar bilan jihozlashni;

v) 2020 yil 31 avgustga qadar Oʻzbekiston Respublikasining rivojlanish davlat dasturlari doirasida ajratiladigan mablagʻlar hisobidan:

Markazda oʻquv auditoriyalari, taʼlim oluvchilar uchun turar joylar va professor-oʻqituvchi xodimlarning vaqtincha yashashi uchun mehmonxona tipidagi binolar nazarda tutilgan 400 oʻrinli oʻquv korpusining rekonstruksiya qilinishi va jihozlanishini;

Markazni joylashtirish uchun moʻljallangan binolar kompleksi hududida joylashgan oshxona oʻrnida trenajyor zali uchun yertoʻlaga ega boʻlgan sport zali qurilishini taʼminlasin.

9. Toshkent shahar, Navoiy koʻchasi, 13-uyda joylashgan Toshkent arxitektura-qurilish institutining bino va inshootlari hamda unga tutash hudud operativ boshqaruv huquqi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligiga oʻtkazilsin hamda keyinchalik bepul foydalanish uchun belgilangan tartibda Markazga berilsin.

10. Markazning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish hamda jihozlash boʻyicha:

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoshidagi “Yagona buyurtmachi xizmati” injiniring kompaniyasi – buyurtmachi;

“Grand stroy proekt” MCHJ – bosh loyiha tashkiloti etib belgilansin.

Buyurtmachiga, istisno tariqasida, tanlov savdolarisiz, eng maqbul takliflarni tanlab olish orqali Markazning bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va jihozlash boʻyicha bosh pudratchini belgilashga ruxsat berilsin.

11. Markazga ikkita, shu jumladan, bitta shaxsiy biriktirilgan va bitta navbatchi yengil avtotransport vositasini saqlashga limit ajratilsin.

12. 2022 yil 1 aprelga qadar:

Markaz barcha turdagi soliqlar toʻlashdan;

Universitet Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatidan ham doimiy muassasa orqali, ham toʻlov manbaidan olingan daromadlar boʻyicha yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻidan;

belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatlar boʻyicha Markazni jihozlash va faoliyatini taʼminlash uchun olib kiriladigan, Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan oʻquv va ilmiy laboratoriya uskunalari, kompyuter texnikasi, dasturiy mahsulotlar, oʻquv va ilmiy-uslubiy adabiyotlar, inventar va moddiy-texnika resurslari, shuningdek, avtotransport vositalari bojxona toʻlovlaridan (bojxona yigʻimlaridan tashqari) ozod etilsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ikki oy muddatda Markazning ustavi va tuzilmasi ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini, shuningdek, belgilangan tartibda uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin.

14.Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga koʻra mazkur qarorni amalga oshirish doirasida jalb qilinadigan xorijiy professor-oʻqituvchilar va maʼmuriy xodimlar, shuningdek, ularning oila aʼzolari hamda Markazga qabul qilingan chet ellik talabalar uchun kirish vizalarini konsullik va boshqa yigʻimlarni undirmagan holda belgilangan tartibda rasmiylashtirilishini taʼminlasin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining buyurtmanomalariga koʻra Markazningxorijiy professor-oʻqituvchilari va maʼmuriy xodimlariga, shuningdek, ularning oila aʼzolari hamda Markazga qabul qilingan chet ellik talabalarga davlat bojini undirmagan holda koʻp martalik vizalar berilishi va muddati uzaytirilishini, shuningdek, ularning yashash joyida vaqtinchalik roʻyxatdan oʻtkazilishi hamda muddati uzaytirilishini belgilangan tartibda taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

17. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.A.Abduvaxitov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A.Abduhakimov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti                                    Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,
2019 yil 20 mart