Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
qarori
Ijro tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, sud hujjatlari
va boshqa organlar hujjatlarini soʻzsiz va oʻz vaqtida ijro etishni taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida sansalorlikka chek qoʻyish, shuningdek, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarini amalga oshirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Bosh prokuraturasi, Adliya vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Advokatlar palatasining 2019 yil 1 apreldan boshlab sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayoniga mediatsiya institutini joriy etish toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi taklifi qabul qilinsin:
sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish jarayonida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish undiruvchining arizasi boʻyicha oʻn besh kundan koʻp boʻlmagan muddatga ijro ishi yuritishni toʻxtatib turish uchun asos hisoblanadi;
tomonlar oʻrtasida ijro predmetiga doir kelishuvga kelmaslik, shuningdek, tomonlardan birining mediatsiyani davom ettirishdan voz kechishi yoki uni amalga oshirish muddatining tugashi ijro ishi yuritishni qaytadan tiklash uchun asos hisoblanadi. Bunda mediatsiya tartib-taomilini takroran amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi;
tomonlar oʻrtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari boʻyicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatadi;
mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish jarayoniga davlat ijrochisi va davlatning boshqa organlari vakillarining aralashuvi taqiqlanadi.
2. Belgilab qoʻyilsinki, 2019 yil 1 iyundan boshlab:
ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi masala ijro hujjati kelib tushgan vaqtdan boshlab bir ish kuni ichida hal etiladi;
ijro harakatlarini amalga oshirishga toʻsqinlik qiluvchi holatlar mavjud boʻlgan taqdirda, mazkur harakatlar qarzdorning arizasiga yoki davlat ijrochisining oʻz tashabbusiga koʻra koʻpi bilan ikki marta kechiktiriladi;
ijro harakatlarini bajarishda yuzaga kelgan masalalarni tushuntirish uchun davlat ijrochisi tomonidan tayinlanganmutaxassis ijrochining qarori bilan tanishgan kundan boshlaboʻn besh ish kuni ichida yozma xulosa taqdim etishga majbur.
3. 2019 yil 1 oktyabrdan boshlab shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
a) Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi (keyingi oʻrinlarda – Majburiy ijro byurosi) Ijro hujjatlarining yagona elektron bazasini(keyingi oʻrinlarda – Yagona elektron baza) yuritadi, unga tegishli maʼlumotlar bazasi tizimlari bilan integratsiya qilish yoʻli bilan quyidagilar kiritib boriladi:
ijro organlari yurituviga kelib tushgan barcha ijro hujjatlari;
maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar) tomonidan solingan va undirilgan maʼmuriy jarimalar haqidagi maʼlumotlar;
b) maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga vakolati boʻlgan organlar (mansabdor shaxslar)ning qonun hujjatlarida belgilangan muddat davomida ixtiyoriy tartibda bajarilmagan maʼmuriy jarimalarni qoʻllash toʻgʻrisidagi qarorlari majburiy ijro etish uchun elektron hujjat koʻrinishida avtomatik ravishda Majburiy ijro byurosining axborot tizimiga yuboriladi;
v) ijro hujjatlarida undiruvchi yoki qarzdorning elektron pochtasi yoki telefon (mobil) raqami (agar ular sudga yoki ijro hujjatini bergan boshqa organ (mansabdor shaxs)ga taqdim etilgan boʻlsa) haqidagi maʼlumotlar mavjud boʻlgan taqdirda, ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi xabarnoma uning joʻnatilganligi va qabul qilinib olinganligi faktlarini qayd etish imkonini beruvchi maxsus avtomatlashtirilgan tizimdan foydalangan holda elektron pochtaga yoki mobil aloqa vositalari orqali qisqa xabar (SMS) koʻrinishidayoʻllanadi;
g) Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani va Navoiy shahriMajburiy ijro byurosi boʻlimlarida tajriba sifatida ijro hujjatlarini avtomatlashtirilgan tizim orqali davlat ijrochilari oʻrtasida avtomatlashtirilgan taqsimlash tartibi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi 2020 yil 1 martga qadar tajriba natijalariga koʻra mazkur amaliyotni Majburiy ijro byurosining boshqa boʻlinmalarida joriy etish boʻyicha asoslantirilgan takliflar kiritsin.
4. Majburiy ijro byurosi 2019 yil 1 oktyabrdan oʻz rasmiy veb-saytida bepul asosda quyidagilarni nazarda tutuvchi ijro harakatlari amalga oshirilishining avtomatlashtirilgan monitoringi boʻyicha davlat interaktiv xizmati koʻrsatish tizimini joriy etsin:
har bir ijro hujjatiga maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlaydigan yagona identifikatsiya raqami (kodi)ni berish;
avtomatlashtirilgan monitoring tizimiga ijro harakatlarini amalga oshirishning borishi va ijro ishi yuritishning barcha bosqichlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosi tomonidan koʻrilayotgan choralar hamda bajarilayotgan ijro harakatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni doimiy kiritib borish;
Internet tarmogʻi orqali yagona identifikatsiya raqami (kodi)dan foydalangan holda undiruvchi va qarzdor tomonidan ijro harakatlarini amalga oshirishning borishini barcha bosqichlarda kuzatish, shuningdek, mavjud qarzni onlayn tarzda toʻlash va bir vaqtning oʻzida ijro hujjati talablarining bajarilganligini qayd etish imkoniyatini yaratish.
Belgilansinki, ijro harakatlari amalga oshirilishining avtomatlashtirilgan monitoringi boʻyicha davlat interaktiv xizmati Oʻzbekiston Respublikasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (keyingi oʻrinlarda – YAIDXP) orqali ham koʻrsatiladi.
5. Majburiy ijro byurosi:
a) bir oy muddatda shartnoma-vositachilik asoslarida sotishga topshiriladigan mol-mulkni internet-doʻkonlar orqali sotish tartibini joriy etish toʻgʻrisidagi quyidagilarni nazarda tutuvchi takliflarni kiritsin:
ijro ishi yuritish davomida xatlangan mol-mulkni sotishga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 maydagi “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3724-son qaroriga muvofiq Elektron tijorat ishtirokchilarining milliy reyestriga kiritilgan, tovarlar harakatini monitoring qilishning elektron tizimini joriy etgan va tovarlarni xaridorga yetkazib berish uchun zarur logistika imkoniyatlariga ega boʻlgan tadbirkorlik subyektlarini keng jalb qilish;
mol-mulkni mobil ilovalar va elektron toʻlov tizimlari orqali xarid qilish imkoniyatini yaratish;
b) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi va Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda:
undirish qaratilgan mol-mulk “E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasiga qoʻyilgan paytdan boshlab sotilishigacha boʻlgan harakatini monitoring qilish imkonini beruvchi mol-mulk hisobini yuritishning yagona elektron axborot tizimini;
“E-IJRO AUKSION” yagona elektron savdo maydonchasida xarid qilingan mol-mulk uchun elektron, shu jumladan, xalqaro toʻlov tizimlaridan foydalangan holda onlayn toʻlov qilish imkoniyatini joriy etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda ijro ishi yuritishda undiriladigan davlat bojlari, maʼmuriy jarimalar va boshqa toʻlovlarni elektron toʻlov tizimlaridan foydalangan holda toʻlash boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatish uchun YAIDXPda alohida platformani yaratish choralarini koʻrsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi akademiyasi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda Majburiy ijro byurosi xodimlarini operativ-qidiruv yoʻnalishida tayyorlash, qayta tayyorlash
va malakasini oshirish boʻyicha bepul asosda maxsus kurslar tashkil etish choralarini koʻrsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi:
a) uch oy muddatda sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini ijro etish sohasidagi, shuningdek, ularning toʻgʻridan-toʻgʻri amal qilishini taʼminlash borasidagi protsessual normalarni tizimlashtirishni nazarda tutuvchi Oʻzbekiston Respublikasining Ijro ishini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksi loyihasini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga kiritsin;
b) uch oy muddatda:
Majburiy ijro byurosiga jismoniy va yuridik shaxslardan “ishonch telefoni” orqali, shuningdek, elektron tarzda kelib tushadigan murojaatlar oʻz vaqtida va sifatli koʻrib chiqilishi ustidan tizimli nazorat olib borishga qaratilgan dasturiy taʼminotni;
davlat ijrochilarining sud hujjatlari va boshqa organlarning hujjatlarini majburiy ijro etishni taʼminlash boʻyicha samaradorlik
va natijadorlikning asosiy koʻrsatkichlarini (KPI), shuningdek, ular faoliyatini baholash, xizmat boʻyicha koʻtarish, ragʻbatlantirish va intizomiy javobgarlik choralarini qoʻllashda ushbu koʻrsatkichlarni qoʻllash tartibini;
Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi akademiyasida tizimli ravishda davlat ijrochilarining malakasini oshirish dasturlarini ishlab chiqsin va joriy etsin;
v) manfaatdor idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda sud tomonidan maʼmuriy jarimaga tortish holatlaridan tashqari, jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qaror topshirilgan sanadan boshlab oʻn besh kun ichida jarima miqdorining 70 foizi huquqbuzar tomonidan ixtiyoriy ravishda toʻlangan taqdirda u qolgan summani toʻlashdan ozod etilishini nazarda tutuvchi maʼmuriy jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibini joriy etish haqidagi takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.
Bunda quyidagi holatlarda jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qarorlarni ijro etishning soddalashtirilgan tartibi qoʻllanilmasligi nazarda tutilsin:
maʼmuriy jarimaga tortish toʻgʻrisidagi qaror ustidan shikoyat qilinganda yoki protest keltirilganda;
maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida xuddi shunday huquqbuzarlik takroran sodir etilganida;
g) har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga ijro ishini yuritish holati toʻgʻrisida maʼlumot hamda soha faoliyatini takomillashtirish boʻyicha takliflar kiritib borsin.
10. Belgilansinki, mazkur qarorda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni moliyalashtirish Majburiy ijro byurosi va sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamgʻarmalari mablagʻlari, shuningdek, xalqaro moliyaviy institutlar va donor tashkilotlarning grantlari, texnik koʻmak mablagʻlari, shuningdek, qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi bir oy muddatda
qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Majburiy ijro byurosi bilan birgalikda mazkur qarorning mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishini taʼminlasin.
13. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B.M.Mavlonov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV
Toshkent shahri,
2019 yil 12 mart