Deputatlar atom energiyasi hamda ekologik barqarorlikni taʼminlashga doir qonun loyihalarini muhokama qildi

2019 yil 5 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik barqarorlikni saqlash sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni huquqiy jihatdan taʼminlashga qaratilgan bir qator qonun loyihalari koʻrib chiqildi.
Kun tartibidagi dastlabki masala – “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasining muhokamasi qizgʻin kechdi.
Qayd etilganidek, keyingi yillarda yurtimizda hayvonot va oʻsimlik dunyosi obyektlarini muhofaza qilish, ulardan foydalanish sohasidagi jinoyatlar hamda maʼmuriy huquqbuzarliklar soni oshib bormoqda. Masalan, bu borada 2016 yilda 4102 ta, 2017 yilda 5245 ta, 2018 yilda esa 6043 yoki 2017 yilga nisbatan 15 foizga ortiq huquqbuzarlik sodir etilgan. Ayniqsa, ov qilish, baliq ovlash sohasida yoxud dorivor va oziqabop oʻsimliklar turlarini yigʻish yoki tayyorlash tartibini buzish bilan bogʻliq jinoyatlar soni oshayotgani tashvish uygʻotmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2018 yil 2 fevralda oʻtkazilgan Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi rahbarlarining hisobotiga bagʻishlangan yigʻilishda berilgan topshiriqqa binoan, qoʻmita tomonidan ishlab chiqilgan mazkur qonun loyihasi Jinoyat kodeksida belgilangan, hayvonot va oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va ulardan foydalanish bilan bogʻliq jinoyatlar hamda Maʼmuriy javobgarlik kodeksida koʻzda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etgani uchun javobgarlikni oshirish yoʻli bilan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sohada profilaktik tadbirlarni yanada kuchaytirishga, fuqarolar va mansabdor shaxslarning atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan, jumladan, hayvonot, oʻsimlik dunyosidan oqilona foydalanish, ularni muhofaza qilish borasida masʼuliyatini oshirishga, maxsus vakolatli davlat organlari ish faoliyatini tezkor va samarali tashkil etishga xizmat qiladi.
Shundan soʻng deputatlar “Atom energiyasidan tinchlik maqsadlarida foydalanish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini muhokama etdilar.
Davlatimiz rahbarining 2018 yil 19 iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasida atom energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni asosida ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi mamlakatimizda atom energiyasidan foydalanishni tartibga soluvchi maxsus qonunga boʻlgan hayotiy ehtiyojni taʼminlashga qaratilgan.
Loyiha atom energiyasidan foydalanishni taʼminlash tizimi uchun huquqiy asoslarni yaratish, atom energiyasi toʻgʻrisida amaldagi barcha meʼyorlar va qoidalarni unifikatsiya qilish, ularni Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan imzolangan xalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish, atom energiyasidan foydalanishda yuridik shaxslar va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash boʻyicha milliy qonunchilikka xorijiy davlatlarning eng samarali tajribasi hamda mexanizmlarini joriy etishni nazarda tutadi.
Qonun loyihasi bilan atom energetikasi sohasida Vazirlar Mahkamasi, atom energetikasini rivojlantirish, undan foydalanish sohasida yagona davlat siyosati va strategik yoʻnalishlarini ishlab chiqish boʻyicha vakolatli organ – Energetika vazirligi hamda vazirlik huzuridagi atom energetikasini rivojlantirish agentligi (“Oʻzatom” agentligi) hamda boshqa davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining vakolatlari belgilanmoqda. Atom energetikasidan foydalanish sohasida xavfsizlikni davlat tomonidan tartibga solish tizimi joriy etilmoqda.
Parlament aʼzolarining taʼkidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish, atom energetikasini rivojlantirishning huquqiy shart-sharoitlarini yaratishga xizmat qiladi. Atrof-muhitni ionlashtiruvchi nurlanishning salbiy taʼsiridan muhofazalash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini saqlash tizimini shakllantirish hamda avariya holatlarining paydo boʻlish xavfini minimallashtirish maqsadida atom energiyasidan foydalanishda mansabdor shaxslarning javobgarligini joriy etishga koʻmaklashadi.
Majlisda koʻrib chiqilgan yana bir muhim hujjat – “Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqidagi Stokgolm konvensiyasini (2001 yil 22 may, Stokgolm) ratifikatsiya qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ham qizgʻin muhokamaga sabab boʻldi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, “Turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar haqida”gi konvensiya 2001 yil 22 mayda Stokgolm shahrida qabul qilingan va 2004 yildan kuchga kirgan. Hozirgi kunda 182 ta mamlakat konvensiya ishtirokchisi hisoblanadi. Yetakchi davlatlardan AQSH, Italiya va Isroil konvensiyani imzolagan boʻlsa-da, ratifikatsiya qilmagan. MDH davlatlaridan faqat Oʻzbekiston va Turkmaniston ushbu konvensiyaga qoʻshilmagan.
Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu qonun loyihasi majburiy xarakterga ega, aholi salomatligi va atrof-muhitni turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalardan muhofazalash maqsadida ularni keskin qisqartirishga, tashlanmalarini toʻxtatishga hamda odam organizmida va ekotizimlarda qayta tiklab boʻlmas oʻzgarishlarga olib keluvchi 12 ta xavfli birikma (keyingi toʻldirishlarni hisobga olgan holda 26 ta modda) ishlab chiqarilishini, ishlatilishini chegaralash yoki taqiqlashga yoʻnaltirilgan Konvensiyani ratifikatsiya qilishni nazarda tutadi.
Deputatlarning qayd etishicha, konvensiyani ratifikatsiya qilish Oʻzbekiston Respublikasiga turgʻun organik ifloslantiruvchi moddalar bilan bogʻliq ekologik holatning yaxshilanishiga, aholi, atrof-muhit, oʻsimlik va hayvonot dunyosiga yetkazilishi mumkin boʻlgan salbiy oqibatlarni bartaraf etishga yordam beradi. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining Yevropa Ittifoqi imtiyozlari bosh tizimiga qoʻshilishi hisobiga mamlakatimizda ishlab chiqilgan mahsulotlarning eksport hajmi va geografiyasini kengaytirish imkonini yaratadi.
Bahs-munozara, qizgʻin muhokamalardan soʻng mazkur qonun loyihalari birinchi oʻqishda qabul qilindi.
Majlisda, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining vakolatlariga taalluqli boshqa masalalar ham koʻrib chiqilib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi
Qonunchilik palatasi Matbuot xizmati

 

OʻzA