Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan qaror loyihasida ushbu maqsadlar taʼkidlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis va yetib borish qiyin boʻlgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida kadrlar taʼminotini yaxshilashga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori 2019 yilning 4 mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirildi.
Qaror loyihasida Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin boʻlgan hududlaridagi tibbiyot muassasalarida kadrlar taʼminotini va salohiyatini oshirish maqsadida ularni moddiy qoʻllab-quvvatlash yuzasidan quyidagi shartlar belgilanmoqda:
• Qoraqalpogʻiston Respublikasi byudjet daromadlari rejasi ortigʻi bilan bajarilishi qismi hisobidan olis va yetib borishi qiyin boʻlgan hududlarga ishga borgan mutaxassislarni 10 yil ishlab berish sharti bilan uy-joy bilan taʼminlash va 10 yildan keyin xususiylashtirib berish.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining mahalliy byudjetning prognozga nisbatan oshirib bajarilgan qismi hisobidan Qoraqalpogʻiston Respublikasining olis va yetib borishi qiyin boʻlgan hududlaridagi tibbiyot muassasalari xodimlariga yengil avtomobillar va maishiy texnikalar sotib olish uchun isteʼmol kreditlari ajratish maqsadida tijorat banklariga yillik 10 % miqdorida 5 yil muddatga depozit mablagʻlarini joylashtirish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullanmoqda.
Tijorat banklari tomonidan ushbu depozit mablagʻlari hisobidan kredit berish sanasida Oʻzbekistan Respublikasi Markaziy bankining amaldagi qayta moliyalashtirish stavkasi miqdorida quyidagi shartlar asosida isteʼmol kreditlari ajratilishi belgilanmoqda:
• yengil avtomobillar sotib olish uchun:
kredit muddati – 5 yilgacha;
kredit boʻyicha imtiyozli davr – 6 oy;
dastlabki badal – sotib olinadigan avtotransport vositasi qiymatining kamida 15 foizi miqdorida;
• maishiy texnikalar sotib olish uchun:
kredit muddati – 3 yilgacha;
kredit boʻyicha imtiyozli davr – 3 oy.
“Oʻzavtosanoat” AJga Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etiladigan tibbiyot xodimlar roʻyxati asosida ular tomonidan tijorat banklari kreditlari hisobiga mamlakatda ishlab chiqarilgan yengil avtotransport vositalarini sotib olishda koʻmaklashish tavsiya etilmoqda.
OʻzA