Yengilmas bokschimiz Shahram Gʻiyosov yana ringga koʻtariladi

Professional boksda gʻolibona odimlayotgan yurtdoshimiz, Rio olimpiadasi chempioni Shahram Gʻiyosov shanba oqshomida faoliyatidagi yettinchi jangini oʻtkazadi.
23 fevral oqshomida (bizda 24 fevral tongiga toʻgʻri keladi) u Meksikaning Tixuana shahrida oʻtkaziladigan jangda meksikalik bokschi Edgar Puertoga qarshi ringga koʻtariladi.
Taʼkidlash kerak, Shahram shu kungacha professional boksda 6ta jang oʻtkazib, ularning barchasida gʻalaba qozongan. Olimpiya chempioni ana shu janglarning beshtasini muddatidan oldin oʻz foydasiga hal etgani ham tahsinga loyiq.
Tajribali Edgar Puerto esa shu kungacha prof ringda 37ta jang oʻtkazgan va shulardan 25tasida gʻalaba qozongan (shundan 19tasini nokaut bilan). Oʻz navbatida Puerto 11ta jangida magʻlubiyat alamini ham tortib koʻrgan, 5 marotaba nokautuga uchragan va bitta jangda durangga erishgan.
Boʻlajak jangda qozoniladigan gʻalaba Gʻiyosovni jahon reytingida yanada yuqorilashini va chempionlik kamariga daʼvogarlar safidan joy olishini taʼminlaydi.

 

OʻzA