2019 yil 17 yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi muammolari bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilindi.
Yana bir yangilik – Xalq qabulxonalari sektorlar va hududdagi tashkilotlar rahbarlari faoliyati, murojaatlar bilan ishlash holati yuzasidan tegishli Xalq deputatlari kengashlari majlisida muhokama qilish uchun har chorakda axborot kiritadi hamda ushbu axborot yuzasidan mutasaddi tashkilotlar rahbarlari hisoboti eshitiladi. Ayni mana shu mexanizm hududlarda murojaatlar bilan ishlash borasidagi xato-kamchiliklar kamayishiga xizmat qiladi, rahbarlarning xalq oldida hisob berish tizimini yanada samarali yoʻlga qoʻyish imkonini yaratadi.
Bunda respublika darajasida hal etiladigan muammolar toʻgʻrisida maʼlumotlar Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, murojaatlar bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish masalalari boʻyicha maslahatchisi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga hal qilish uchun kiritiladi.
Shu bilan birga Xalq qabulxonalariga bir qator qoʻshimcha vazifalar ham yuklatildi. Xususan, endi Xalq qabulxonalari sektorlar, davlat organlari va boshqa tashkilotlarning uyma-uy yurish, ijtimoiy va boshqa obyektlarni oʻrganish orqali ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni aniqlash va hal qilish borasidagi faoliyatini doimiy ravishda muvofiqlashtirib boradi.
OʻzA