Jahon chempionlari 12 ming AQSH dollari bilan mukofotlandi

2018 yilning 20-28 oktyabr kunlari Vengriya poytaxti Budapesht shahrida sport kurashlari boʻyicha oʻtkazilgan jahon chempionatida polvonlarimizdan Elmurat Tasmuratov kumush, Bekzod Abdurahmonov esa bronza medalini qoʻlga kiritgan edi. Shuningdek, oʻtgan yilning 1-10 noyabr kunlari Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida ogʻir atletika boʻyicha jahon chempionatida Akbar Joʻrayev oltin, Doston Yoqubov kumush, Ruslan Nurudinov va Rustam Jangaboyev bronza medallarini qoʻlga kiritgandi.
11-faqat saytga.jpg
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 3 yanvardagi farmoyishiga muvofiq muzaffar sportchilarimiz va ularning murabbiylari pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligida yuqoridagi ikkita jahon chempionati gʻolib va sovrindorlarini taqdirlashga bagʻishlangan marosim oʻtkazildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi A.Abduvohidov Yurtboshimiz rahbarligida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida eʼtibor samarasida mamlakatimiz yoshlari isteʼdodli, azmu shijoatda tengsiz avlod boʻlib voyaga yetayotgani, dunyoning turli mintaqalarida boʻlib oʻtayotgan nufuzli musobaqalarda Oʻzbekiston sportchilarining yuksak gʻalabalarni qoʻlga kiritib, davlatimiz bayrogʻini baland koʻtarayotganida yaqqol namoyon boʻlayotganini taʼkidladi.
9.jpg
Tadbirda oltin medalni qoʻlga kiritgan sportchimiz A.Joʻrayev 12 ming AQSH dollari miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlandi. Jahon chempionatlarining kumush medalini qoʻlga kiritgan D.Yoqubov hamda E.Tasmuratov 6 ming, bronza medalini qoʻlga kiritgan sportchilarimiz B.Abdurahmonov, R.Nurudinov va R.Jangaboyevlar esa 3 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga ega boʻlishdi.
Shuningdek, jahon chempionatida birinchi oʻrinni egallagan sportchimizning murabbiyi 6 ming AQSH dollari, kumush medal sohiblarining murabbiylari 3 ming AQSH dollari va bronza medalini qoʻlga kiritgan sportchilarning murabbiylari esa 1,5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotiga sazovor boʻlishdi.
8.jpg
Tadbirda oʻtgan yilgi sport mavsumida ulkan gʻalabalari bilan mamlakatimiz sharafini koʻklarga koʻtargan ogʻir atletikachimiz Akbar Joʻrayev mamlakatimizning 2018 yildagi eng yaxshi sportchisi deya eʼtirof etildi va Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan 10 ming AQSH dollari bilan taqdirlandi.
– Dunyo maydonlarida xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini oqlaganimdan behad xursandman, – deydi ogʻir atletikachi A.Joʻrayev. – Qoʻlga kiritgan gʻalabalarim sharafiga Vatanimiz madhiyasi yangrab, bayrogʻimiz koʻtarilganida cheksiz faxrni his qildim. Bular mustaqilligimiz sharofati, davlatimiz rahbari tomonidan sportchilarga koʻrsatilayotgan alohida gʻamxoʻrlik mevasi, ustozlarimiz bilan yillar davomida olib borgan mehnatlarimiz mahsulidir. Mening kamtarona mehnatlarimni shunday yuksak baholagan Prezidentimizdan minnatdorman. Kelgusi musobaqalarda ham bundan-da yuqori natijalarni qayd etishga intilaman.
1.jpg
2.jpg
3.jpg
6.jpg
7.jpg

 

Javohir Toshxoʻjayev, Muhammad Amin (surat), OʻzA