Oʻzbekiston – Tojikiston: oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan doʻstona munosabatlar rivojlanmoqda

Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qosim Qodiri boshchiligidagi delegatsiya vakillari 21 noyabr kuni Buxoro viloyatiga tashrif buyurdi.
2.jpg
Buxoro temir yoʻl vokzalida mehmonlarni viloyat hokimi oʻrinbosari J.Nosirov va boshqalar kutib oldi.
4.jpg
Keyingi yillarda mamlakatimizning mintaqadagi davlatlar, jumladan, Tojikiston bilan oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan doʻstona munosabatlari yangi bosqichda rivojlanmoqda.
Bunday aloqalar Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi faoliyatida ham oʻz ifodasini topayotir. Ular oʻrtasida joriy yil Toshkent shahrida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi. Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi delegatsiyasining Buxoroga tashrifi ham ana shu hujjatda koʻzda tutilgan chora-tadbirlar doirasida amalga oshirildi.
Tashrif chogʻida Oʻzbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi va Tojikiston mustaqil kasaba uyushmalari federatsiyasi mutasaddilari oʻrtasidagi muloqotlarda mehnat jamoalari xodimlarining ijtimoiy-iqtisodiy huquq va manfaatlarini himoya qilish, madaniy-ommaviy ishlar, sogʻlomlashtirish va dam olishni tashkillashtirish hamda boshqa masalalar borasida tajriba almashildi.
Mehmonlar pilla xomashyosini chuqur qayta ishlashga ixtisoslashgan “Buxoro brilliant silk” Oʻzbekiston – Xitoy qoʻshma korxonasi faoliyati, bu yerdagi mehnat sharoiti bilan tanishdi. Tashrif yakunida Buxoro shahrining tarixiy-meʼmoriy yodgorliklari va diqqatga sazovor joylarini tomosha qildi.

 

Erkin Yodgorov, Tohir Istatov (surat), OʻzA