YEXHT parlament assambleyasi delegatsiyasining uchrashuvlari

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati hamda Qonunchilik palatasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Parlament Assambleyasi raisi Georgiy Sereteli boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda Oʻzbekistonning YEXHT Parlament Assambleyasi bilan hamkorlik munosabatlarining bugungi holati va istiqboldagi rejalariga oid masalalar muhokama qilindi.

Oliy Majlis Senati Raisi N.Yoʻldoshev mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, inson huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, xavfsizlik va millatlararo totuvlik, tashqi siyosatda oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, transmilliy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish jarayonida olib borilayotgan ishlar yuzasidan maʼlumot berdi.

Tadbirda taʼkidlanganidek, bugungi kunda parlament diplomatiyasi oʻzaro ishonchni mustahkamlash va “xalq diplomatiyasi”ni rivojlantirishning eng muhim resursi sifatida eʼtirof etilmoqda. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston YEXHT institutlari, jumladan, Parlament Assambleyasi bilan amaliy hamkorlikni yanada kengaytirishga eʼtibor qaratmoqda. Transmilliy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi kurashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiya loyihalarini amalga oshirish borasida YEXHT Parlament Assambleyasi bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik muhim ahamiyat kasb etmoqda.

5.jpg

8.jpg
Tomonlar qayd etganidek, Oʻzbekistonning YEXHT bilan hamkorlikni mustahkamlashi tashkilotga aʼzo davlatlar bilan aloqalarni rivojlantirish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar mazmun-mohiyatini jahon hamjamiyatiga yetkazish uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

– Oʻzbekiston dunyo hamjamiyatida olib borilayotgan demokratik islohotlarga munosib hissa qoʻshib kelmoqda, – deydi YEXHT Parlament Assambleyasi raisi Georgiy Sereteli. – Bu eʼtirofga molik jihat. Shuningdek, tashkilotimiz bilan hamkorlik aloqalari tiklanayotgani ham juda muhimdir. Kuzatuvlarimiz davomida yurtingizda qator sohalarda amalga oshirilayotgan yangilanishlar guvohi boʻlmoqdamiz. Samarqandda Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumining oʻtkazilayotgani mamlakatingiz ijtimoiy-siyosiy hayotida amalga oshirilayotgan yirik islohotlar samarasidir.

Delegatsiya aʼzolari parlament quyi palatasida ham boʻldi.

5.jpg

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari S.Otamurodov bilan muloqotda mehmonlarga mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, davlat boshqaruvida parlament roli va nufuzini oshirish yuzasidan koʻrilayotgan amaliy chora-tadbirlar xususida batafsil maʼlumot berildi.

2.jpg

Delegatsiya vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar natijasi yaqqol koʻzga tashlanayotgani, bu esa nafaqat mamlakatda, balki butun mintaqadagi vaziyatga ham ijobiy taʼsir oʻtkazayotganini taʼkidladilar.

57 davlatni birlashtiruvchi YEXHT Parlament Assambleyasi bilan mamlakatimiz parlamenti oʻrtasida yaqin hamkorlik aloqalarini kengaytirish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekani alohida qayd etildi.

Samimiy va amaliy ruhda kechgan muloqotda Oʻzbekistonning YEXHT Parlament Assambleyasi bilan aloqalarni yanada mustahkamlashiga oid masalalar atroflicha muhokama qilindi. Hamkorlikning yangi yoʻnalishlari belgilab olindi.

 

Zuhra Mirzaboyeva, Farhod Abdurasulov (surat), OʻzA