Fargʻonada xitoyliklar bilan yangi loyihalar amalga oshiriladi

Fargʻona viloyatida xitoylik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda yangi investitsiviy loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilmoqda. Viloyat hokimi oʻrinbosari M.Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida boʻlib, bu borada bir qator kelishuvlarga erishdi.
photo5434104425649121785.jpg
Fargʻona viloyatida ayni paytda Xitoy bilan hamkorlikda 36 ta qoʻshma va 19 ta xorijiy korxonalar faoliyat yuritmoqda. Shuningdek, Xitoy davlatining umumiy 245 million AQSH dollarlik toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi ishtirokida 11 ta loyiha amalga oshirilmoqda.
photo5434104425649121776.jpg
Viloyat delegatsiyasi joriy yilda bir necha bor Xitoyda boʻlib, samarali kelishuvlarga erishdi. Shuningdek, Xitoyning bir qator provinsiyalaridan delegatsiyalar viloyatga tashrif buyurdi. Uxan va Fargʻona shaharlari oʻrtasida birodarlik aloqalarini oʻrnatish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.
Fargʻona viloyat delegatsiyasi joriy yil 15-16 noyabr kunlari Xitoyning Xubey provinsiyasi maʼmuriy markazi Uxan shahrida boʻlib oʻtgan Xalqaro birodar shaharlar konferensiyasida ishtirok etdi. “Oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash uchun mavjud imkoniyatlardan birgalikda foydalanish” deb nomlangan ikki kunlik konferensiya doirasida birodar shaharlar uchun investitsion anjuman, shuningdek, koʻrgazmalar tashkil etildi. Mazkur nufuzli anjumanda ishtirokchilarni Oʻzbekiston bilan tanishtirish maqsadida “Oʻzbekistonga xush kelibsiz” deb nomlangan ingliz tilida videorolik namoyish etildi. Fargʻona viloyat hokimi oʻrinbosari M.Abdurahmonov bugungi kunda Xitoy Oʻzbekistoning strategik va ishonchli hamkori ekanligi hamda Fargʻona viloyatining XXR bilan aloqalarining bugungi holati va istiqbollari hamda Fargʻona viloyatida mavjud investitsion imkoniyatlar boʻyicha maʼruza qildi.
Uxan savdo-sanoat palatasi va oʻndan ortiq kompaniya vakillari ishtirokida Fargʻona viloyatining investitsion jozibadorligiga bagʻishlangan seminar ham tashkil etildi. Unda mehmonxona va savdo markazlari qurishga ixtisoslashgan, turizm xizmatlarini koʻrsatuvchi, avtomobil ehtiyot qismlari ishlab chiqaruvchi hamda eksport-importga ixtisoslashgan kompaniyalar tomonidan Fargʻona viloyatiga alohida qiziqish bildirildi. Mehmonxona qurish faoliyatini amalga oshiruvchi “Dossen International Group Hubei branch” kompaniyasi Fargʻona shahrida mehmonxona qurish taklifini oʻrtaga tashladi. Fargʻona shahar hokimi H.Habibiddinov mamlakatimizda investorlar uchun yaratilgan sharoit va imtiyozlar, shaharning investitsiyaviy salohiyati haqida maʼlumot berdi.
Xitoyda boʻlib oʻtgan uchrashuvlar har ikki tomon uchun ham foydali boʻldi. Xususan, “Shengand” kompaniyasi Fargʻona viloyatida terini ikkilamchi xom ashyosidan mebel va poyabzal sanoatida foydalaniladigan jelatin mahsulotini ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. “Hubei Frukt” kompaniyasi esa Oʻzbekistonda yetishtirayotgan meva mahsulotlarini eksport qilish istagini bildirgan.

 

M.Sulaymonov, OʻzA