Kim haqu kim nohaq?

yoxud meros talashishning huquqiy va maʼnaviy oqibatlari haqida
Fuqarolar oʻrtasida sogʻlom munosabat qaror topishi, ularning ahil-inoq va tinch-totuv yashashidan davlat va jamiyat hamisha manfaatdor. Zero, sogʻlom munosabat, sogʻlom oilalar jamiyat asosini tashkil etadi.
Afsuski, amaldagi qonun talablarini bilmaslik tufayli kelib chiqayotgan meros mulki bilan bogʻliq nizolar baʼzan ana shu munosabatlarga taʼsir koʻrsatmoqda.
Chunki sud amaliyoti tahlilidan maʼlumki, bunday nizolar koʻpincha vorislar bir-birining qonuniy huquqlarini tan olishni istamagani bois kelib chiqadi.
Aslida meros mulkini taqsimlashda vorislar oʻrtasidagi oʻzaro kelishuv eng maqbul yechim hisoblanadi. Bu muammoga hatto sud tomonidan qonuniy yechim topilgan taqdirda ham nizolashish vorislarning oʻzaro qarindoshlik munosabatlariga, oʻrtadagi mehr-oqibatga putur yetkazadi.
Bunga hayotiy bir misol. Baxtiyor bobo va Madina momo (ismlar oʻzgartirilgan) Ikkinchi jahon urushi yillaridagi qiyinchilik, ogʻir sharoitlarga qaramasdan ahil-inoq yashab, 7 farzand­ni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Farzandlarining aksariyati oliy maʼlumotli mutaxassis boʻlib yetishdi.
Vaqt-soati bilan qizlar turmushga uzatildi, oʻgʻillar uylandi va barchasi oʻz uy-joyiga ega boʻldi. Baxtiyor bobo umr yoʻldoshi vafotidan soʻng 4 xonali uyda yolgʻiz qoldi. Albatta, farzandlar otaning holidan vaqti-vaqti bilan xabar olib turdi.
Farzandlar oʻrtasidagi nizo 2015 yilda Baxtiyor bobo vafot etgach boshlandi. Yaʼni 4 xonali uyni merosxoʻr­lar oʻrtasida taqsimlash masalasi oʻza­ro tortishuvga sabab boʻldi. Oxir-oqibat bir-biriga jondek aziz opa-singillar oʻrtasidagi mehr-oqibatga putur yetdi.
Shu oʻrinda sud Baxtiyor otaning farzandlariga belgilangan tartibda, merosni taqsimlab bersa boʻlmasmidi, degan savol tugʻilishi mumkin. Sud merosni taqsimlash borasida amaldagi qonunchilik asosida oʻz qarorini qabul qildi, albatta. Ammo ushbu qarordan 60 dan oshgan singil noroziligicha qolmoqda.
Norozilik shu qadarki, singil sudga va boshqa turli idoralarga 30 dan ziyod ariza bilan murojaat qilib, ishni koʻrgan sudyalarni, mutaxassis-ekspertlarni, opasi va boshqa qarindoshlarini yoppasiga adolatsizlikda ayblamoqda. Uning talabi uyning bir xonasini ajratib olib, alohida kirish-chiqish eshigi oʻrnatishdan iborat.
Katta opa esa 5 nafar vorisning ulushini naqd pulda berib rozi qilgani sababli ular oʻz meros ulushidan uning foydasiga voz kechgan. Shuning uchun katta opaning ulushi meros mulkining 6/7 qismini, singilning ulushi 1/7 qismini tashkil etadi.
Buyogʻini soʻrasangiz, meros mulki – 4 xonali uy koʻp qavatli binoda joylashgan. Singilning talabi esa, oʻz meros ulushini natura holida ajratib olishdir. Ish boʻyicha tayinlangan sudga oid qurilish ekspertizasi xulosasiga koʻra, 4 xonali uyni natura holida 1/7, 6/7 qismlarga boʻlishning texnik imkoniyati mavjud emas.
Eng qizigʻi, singil opasining: “uyni boʻlib boʻlmas ekan, mayli, janjallashmaylik, uyni toʻliq olgin-u, bizning 6/7 qism meros ulushimizni beraqol“, degan talabiga ham koʻnmaydi, u oʻz ulushini pulda olishga ham rozi emas. Sabab bitta, yaʼni “men otamning chirogʻini yoqib oʻtirishim kerak, otam uyini muzey qilib qoʻyishim kerak“, degan vajdan nariga oʻtmaydi.
Hatto vaziyat shu darajaga yetdiki, sin­gil sudda: “Uy opamga qolganidan koʻra, davlat hisobiga olib qoʻyinglar“, degan talabini ham aytdi. Mulk vorislaridan biri boʻlgan singilning asl maqsadi nima oʻzi, degan savolga javob aniq. Gap shundaki, singil oʻzidan boshqa vorislarning qonuniy huquqini tan olishni istamaydi. Xuddi shu hol yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi mojaroning eng asosiy sababidir.
Fikrimizcha, ota-ona “chirogʻini yoqib“ oʻtirgandan koʻra, ularning ruhini chirqiratmaslik, mol-mulk, deb jonday aziz jigarlaridan tirik ayrilmaslik haqida koʻproq oʻylash lozim. Zero, hech kim bu dunyodan biron-bir mulkni narigi dunyoga oʻzi bilan olib ketgan emas.
Eng achinarlisi, oʻrtada shuncha asabbuzarlik, jigarlarning bir-biri bilan yovlashgani qoladi. Qolaversa, bu meros mojarosi kelishuv asosida tinch yoʻl bilan hal etilmasa, erta bir kun opa-singillarning farzandlari ham meros talashib, yovlashmasligiga kim kafil boʻladi, deysiz.
Har kimning, avvalo, oʻziga insof bersin. Meros talashib, farzandlarimizga oʻzaro gʻanimlikni “meros“ qoldirmaylik.
Xolmoʻmin Yodgorov,
Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy sudi raisining oʻrinbosari.

 

OʻzA