Muammoga qonun doirasida yechim topildi

Fuqaroning kreditga olgan mahsuloti uch kun oʻtib ishlamay qolgan. Servis xizmati koʻrsatilgan boʻlsa-da, yana qayta buzilgan…
2018 yil 15 sentyabr kuni Zarafshon shahar 12-kichik tuman, 24-uy, 4-xonadonda yashovchi fuqaro Botir Usmanov Zarafshon shahar isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yozma murojaat qilgan.
Fuqaro murojaatida 2017 yil dekabr oyida Milliy bank tomonidan 14 204 000 soʻmga shartnoma orqali kreditga “Roison Home White Goods” kompaniyasidan gaz plita, mini elektropech, televizor hamda muzlatgich xarid qilganligi, ammo foydalanish jarayonida 3 kun muddatda muzlatgichning ishlamay qolgani, bu haqda kompaniya xodimlariga murojaat qilganida, fuqaroga bir oydan soʻng Zarafshon shahrida servis xizmati ochilishi kerakligi va muzlatgichni shu servis tomonidan taʼmirlab berilishini maʼlum qiladi.
Shundan soʻng fuqaro servis xizmati ochilgandan soʻng muzlatgichni olib kelgan va masʼul ishchilar tomonidan bir hafta mobaynida taʼmirlab berilgan, ammo taʼmirdan soʻng 4 oy ishlab yana buzilgan. Shundan soʻng fuqaro servisga qayta murojaat qilgan va servis xodimlari fuqaroning xonadoniga kelib, muzlatgichni tekshirib koʻrganida haqiqatda muzlatgichning ichki kondensator trubkalarida kichkina uchetka fryoni borligi aniqlangan.
Yuqorida koʻrsatilgan holat yuzasidan jamiyat xodimlari tomonidan kompaniya rahbari bilan telefon orqali bogʻlanib, suhbat olib borildi. Tegishli tartibda Oʻzbekiston Respublikasining “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunining 13, 14, 17-moddalari boʻyicha tushuntirishlar berildi. Ushbu qonun talablari buzilgan taqdirda 29-moddaga asosan ariza yuzasidan toʻplangan hujjatlarni fuqarolik ishlari boʻyicha Zarafshon tumanlararo sudiga kiritish toʻgʻrisida ogohlantirildi.
Shundan soʻng, “Roison Home White Goods” kompaniyasi rahbari Abdulaziz Yunusov boshqa bunday holat qaytarilmasligini va fuqaroga Navoiy shahriga borib yangi sifatli muzlatgichni olishi va yoʻl xarajatlarini oʻzi tomonidan qoplab berilishi toʻgʻrisida maʼlum qildi.
Muammolar oʻz ijobiy yechimini topganligi sababli Fuqaro B.Usmanov shahar jamiyati xodimlarga oʻz minnatdorchiligini bildirdi.

 

OʻzA