“Tashabbus“ respublika koʻrik-tanlovi tadbirkor, fermer va hunarmandlarning eng faollarini aniqlash, kreativ gʻoyalar asosidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirishda muhim maydon vazifasini oʻtamoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan “Tashabbus – 2018“ respublika koʻrik-tanlovining gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlashga bagʻishlangan tadbir poytaxtimizdagi “Navroʻz“ marosimlar uyida boʻlib oʻtdi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirga vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxoʻjayev va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik rivoji yoʻlida koʻrsatilayotgan tizimli saʼy-harakatlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, tadbirkorlar manfaatlarini himoyalashga, ularning erkin va samarali faoliyat koʻrsatishiga imkon yaratayotganini taʼkidladi.
Koʻrik-tanlovning ilk bosqichida olti mingdan ortiq daʼvogar ishtirok etgan boʻlsa, hududiy bosqichlarda 915 nafar tadbirkorlik subyekti oʻz imkoniyatini namoyish etdi. Tanlovning final bosqichiga 69 ishtirokchi yetib keldi.
Jonona Obloqulova yosh boʻlishiga qaramay, Toshkent viloyatida “Skazochniy mir garmonii“ xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini ochishga muvaffaq boʻlgan. Bu yerda “Ilk qadam“ oʻquv-maʼrifiy dasturi asosida bolalarning oʻqishga boʻlgan qiziqishini orttirish bilan birga, yigirmaga yaqin toʻgaraklarda mashgʻulotlar oʻtiladi.
– Bugun astoydil ishlayman, yurt ravnaqiga hissa qoʻshaman, degan inson borki, barining orzu-intilishlari roʻyobga chiqmoqda, – deydi J.Obloqulova. – “Tashabbus“ koʻrik-tanlovida yosh tadbirkorlarga ham oʻz salohiyatini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganidan gʻoyat mamnunmiz.
Akmal Ahmedov – Samarqand viloyatidagi “Sam-Ferre“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari. 2012 yilda tashkil etilgan mazkur korxona oʻz faoliyatini dastlab 15 nafar ishchi bilan boshlagan boʻlsa, bugungi kunda ular 82 nafarga yetdi. Bankdan kredit olmay, oʻz mablagʻi asosida ishni tashkil etgan tadbirkorning saʼy-harakati bilan endilikda korxonada 50 turga yaqin mahsulot – gaz plitasi, temir eshiklar, maishiy va savdo muzlatkichlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Uning aytishicha, tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik “Tashabbus“ koʻrik-tanlovi misolida oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.
Mazkur koʻrik-tanlov joriy yilda yangicha formatda oʻtkazilgani bilan eʼtiborga molikdir. Uning asosiy uchta – “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi fermeri“, “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyalari qatoriga yana ikkita yangi – “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasi qoʻshildi. Asosiy nominatsiya beshta boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun yanada kengroq imkoniyatlarni ochib berishi shubhasiz.
– Tadbirkoru hunarmandlarga bu qadar katta eʼtibor dunyoning hech qaysi davlatida uchramaydi, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyasi gʻolibi Mansur Asadov. – Prezidentimizning yurtimiz usta va hunarmandlariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligini doimiy his etib, mehnat qilmoqdamiz. Bu ragʻbat yanada koʻproq izlanishga, bildirilgan yuksak ishonchga munosib boʻlishga undaydi.
Marosimda, shuningdek, asosiy nominatsiyalar boʻyicha ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari, “Eng yaxshi innovatsion loyiha“, “Yoshlarga eng koʻp ish joyi yaratgan tadbirkor“, “Eng yaxshi tadbirkor ayol“, “Mening yurtim – mening iftixorim“, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi“, “Eng yaxshi eksportchi“, “Eng masʼuliyatli ijtimoiy sherik“ kabi oʻnlab ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlar aniqlandi.
Sanʼat ustalari namoyish etgan katta konsert barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.