“Tashabbus – 2018“: eng munosiblar, faol va tashabbuskorlar aniqlandi

“Tashabbus“ respublika koʻrik-tanlovi tadbirkor, fermer va hunarmandlarning eng faollarini aniqlash, kreativ gʻoyalar asosidagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, ragʻbatlantirishda muhim maydon vazifasini oʻtamoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun tashkil etilgan “Tashabbus – 2018“ respublika koʻrik-tanlovining gʻolib va sovrindorlarini tantanali taqdirlashga bagʻishlangan tadbir poytaxtimizdagi “Navroʻz“ marosimlar uyida boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi tomonidan tashkil etilgan tadbirga vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar, diplomatik korpus, keng jamoatchilik vakillari taklif etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A.Ikromov, Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi J.Ortiqxoʻjayev va boshqalar yurtimizda tadbirkorlik rivoji yoʻlida koʻrsatilayotgan tizimli saʼy-harakatlar qulay ishbilarmonlik muhitini yaratishga, tadbirkorlar manfaatlarini himoyalashga, ularning erkin va samarali faoliyat koʻrsatishiga imkon yaratayotganini taʼkidladi.

18.jpg

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yangi ish oʻrinlarini tashkil etish, barqaror daromad manbalarini yaratish, milliy iqtisodiyotimiz rivojiga munosib hissa qoʻshish, hayotimiz farovonligi, dasturxonlarimiz barakasini taʼminlashning muhim omiliga aylanib bormoqda. Shu maʼnoda Prezidentimiz sovrini uchun “Tashabbus“ koʻrik-tanlovi tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida 23 yildan buyon muvaffaqiyatli oʻtkazib kelinayotgan yagona tanlov ekani bilan ajralib turadi. Ayni paytda Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Respublika “Hunarmand“ uyushmasi, Yoshlar ittifoqi va boshqa bir qator vazirlik, idoralar hamkorligida oʻtkazilayotgan mazkur maʼrifiy loyiha kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, ishbilarmon doiralar erishayotgan yutuqlarni targʻib qilishga, yoshlarda mulkdor boʻlish hissini kuchaytirishga, tadbirkorlarning imkoniyatlarini toʻlaqonli yuzaga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Koʻrik-tanlovning ilk bosqichida olti mingdan ortiq daʼvogar ishtirok etgan boʻlsa, hududiy bosqichlarda 915 nafar tadbirkorlik subyekti oʻz imkoniyatini namoyish etdi. Tanlovning final bosqichiga 69 ishtirokchi yetib keldi.

Jonona Obloqulova yosh boʻlishiga qaramay, Toshkent viloyatida “Skazochniy mir garmonii“ xususiy maktabgacha taʼlim muassasasini ochishga muvaffaq boʻlgan. Bu yerda “Ilk qadam“ oʻquv-maʼrifiy dasturi asosida bolalarning oʻqishga boʻlgan qiziqishini orttirish bilan birga, yigirmaga yaqin toʻgaraklarda mashgʻulotlar oʻtiladi.

– Bugun astoydil ishlayman, yurt ravnaqiga hissa qoʻshaman, degan inson borki, barining orzu-intilishlari roʻyobga chiqmoqda, – deydi J.Obloqulova. – “Tashabbus“ koʻrik-tanlovida yosh tadbirkorlarga ham oʻz salohiyatini namoyish etish uchun keng imkoniyatlar yaratilganidan gʻoyat mamnunmiz.

Akmal Ahmedov – Samarqand viloyatidagi “Sam-Ferre“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari. 2012 yilda tashkil etilgan mazkur korxona oʻz faoliyatini dastlab 15 nafar ishchi bilan boshlagan boʻlsa, bugungi kunda ular 82 nafarga yetdi. Bankdan kredit olmay, oʻz mablagʻi asosida ishni tashkil etgan tadbirkorning saʼy-harakati bilan endilikda korxonada 50 turga yaqin mahsulot – gaz plitasi, temir eshiklar, maishiy va savdo muzlatkichlarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Uning aytishicha, tadbirkorlarga koʻrsatilayotgan yuksak eʼtibor va gʻamxoʻrlik “Tashabbus“ koʻrik-tanlovi misolida oʻzining yorqin ifodasini topmoqda.

Mazkur koʻrik-tanlov joriy yilda yangicha formatda oʻtkazilgani bilan eʼtiborga molikdir. Uning asosiy uchta – “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“, “Yilning eng yaxshi fermeri“, “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyalari qatoriga yana ikkita yangi – “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“, “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasi qoʻshildi. Asosiy nominatsiya beshta boʻldi. Bu esa, oʻz navbatida, barcha tadbirkorlik subyektlari uchun yanada kengroq imkoniyatlarni ochib berishi shubhasiz.

31.jpg

38.jpg
…Tadbirning eng hayajonli onlari boshlandi. Hakamlar hayʼati xulosasiga koʻra, “Sanoat sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasi boʻyicha Namangan viloyatidagi “Namangan momiq sochiqlari“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Gʻiyosiddin Boboxonov birinchi oʻringa munosib topildi. “Xizmat koʻrsatish sohasida yilning eng yaxshi tadbirkori“ nominatsiyasida Fargʻona viloyatidagi “Fargona tibbiy diagnostika“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Abdumalik Ergashev gʻolib boʻldi. “Yilning eng yaxshi yosh tadbirkori“ nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻringa Toshkent shahridagi “Azr-Textile Group“ masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Azizjon Zoirov munosib koʻrildi. Samarqandlik yogʻoch oʻymakorligi sohasi boʻyicha hunarmand Mansur Asadov “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyasida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Xorazmlik “Yoʻldosh majid“ fermer xoʻjaligi rahbari Yoʻldosh Iskandarov “Yilning eng yaxshi fermeri“ nominatsiyasi boʻyicha birinchi oʻrinni egalladi. Ularga Prezident sovrini – “Spark“ avtomobili, “Tashabbus – 2018“ koʻrik-tanlovining maxsus statuetkasi, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.

– Tadbirkoru hunarmandlarga bu qadar katta eʼtibor dunyoning hech qaysi davlatida uchramaydi, – deydi “Yilning eng yaxshi hunarmandi“ nominatsiyasi gʻolibi Mansur Asadov. – Prezidentimizning yurtimiz usta va hunarmandlariga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligini doimiy his etib, mehnat qilmoqdamiz. Bu ragʻbat yanada koʻproq izlanishga, bildirilgan yuksak ishonchga munosib boʻlishga undaydi.

Marosimda, shuningdek, asosiy nominatsiyalar boʻyicha ikkinchi va uchinchi oʻrin sohiblari, “Eng yaxshi innovatsion loyiha“, “Yoshlarga eng koʻp ish joyi yaratgan tadbirkor“, “Eng yaxshi tadbirkor ayol“, “Mening yurtim – mening iftixorim“, “Eng yaxshi oilaviy biznes sohibi“, “Eng yaxshi eksportchi“, “Eng masʼuliyatli ijtimoiy sherik“ kabi oʻnlab ragʻbatlantiruvchi nominatsiyalar boʻyicha sovrindorlar aniqlandi.

Sanʼat ustalari namoyish etgan katta konsert barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdi.

 

N.Usmonova, F.Abdurasulov (surat), OʻzA