Turkiyada 90 kun vizasiz yurish imkoniyati taqdim qilinmoqda

Turkiya rasman bayonot berib, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va Tojikiston fuqarolariga mamlakatda vizasiz 90 kun boʻlish imkoniyatini taqdim qilayotganini bildirdi. Avval Markaziy Osiyodagi mazkur mamlakatlar fuqarolarining Turkiyada vizasiz maksimal boʻlish muddati 30 kunni tashkil qilardi.

2015-yilda Rossiya va Turkiya oʻrtasidagi munosabatlar sovuqlashgani bois, Turkiyaga kelib dam oluvchi rossiyalik sayyohlar soni kamayib ketdi. Bu vaziyat Turkiya turizm tarmogʻiga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmadi. Xalqaro munosabatlar boʻyicha ekspert, dotsent Serdar Yilmazning fikricha, vizasiz boʻlishni 90 kungacha uzaytirish iqtisodiy, siyosiy va madaniy yaqinlashuvga omil boʻladi:

– Turk tilli mamlakatlar fuqarolarining vizasiz boʻlish muddatini uzaytirish qarori bu mamlakatlar bilan aloqalarni, ular oʻrtasidagi oʻzaro ishonchni mustahkamlaydi. Turkiya Markaziy Osiyo mamlakatlari fuqarolari uchun viza berish masalasida koʻplab yengilliklar berar ekan, bu mamlakatlardan ham xuddi shunday yoʻl tutishni kutadi.

2018-yil noyabr holatiga koʻra, Turkiyada 787 mingdan ortiq xorijlik fuqaro roʻyxatga olingan. Shundan 383 ming kishi qisqa muddatlik sayyohlik vizasi bilan ishlaydi. Mehnat vizasi boʻyicha ishlaydiganlar soni esa 56 mingga yaqin kishini tashkil qiladi. Turkiya IIV statistikasiga koʻra, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan kelgan fuqarolar soni boʻyicha Oʻzbekiston va Turkmaniston yetakchilik qiladi.

 

Sharofiddin Toʻlaganov, OʻzA