Investorlarga 500 dan ziyod loyihalar taklif etiladi

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 19-21 noyabr kunlari mamlakatimizda I xalqaro turizm investitsion forumi oʻtkaziladi.

Bugun poytaxtimizda ushbu yirik tadbir oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida Oʻzbekiston Respublikasi turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi vazifasini bajaruvchisi Abdulaziz Oqqulov forumda 48 davlatdan 300 dan ziyod qatnashchi, jumladan investorlar, sayyohlik sohasidagi xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari vakillari, ekspertlar, mahalliy va xorijiy kompaniyalar rahbarlari ishtirok etishi kutilayotganini maʼlum qildi.

Uning soʻzlariga koʻra, forum doirasida ishtirokchilarga mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab olgan 500 dan ziyod , xususan “Chorvoq“ erkin turistik zonalari, “Samarqand siti“, “Qadimiy Buxoro“, Surxondaryo viloyati kabilarga tegishli investitsiya loyihalari taklif etiladi.

Abdulaziz Oqqulovning qoʻshimcha qilishicha, forumda investitsiya loyihalariga qiziqish bildirgan salohiyatli sarmoyadorlar taklif etilayotgan loyihalarga tegishli hududlarga shaxsan tashrif buyurib, tanishishi, kerak boʻlsa maʼqul kelgan yer maydoni boʻyicha kelishuvga erishishi mumkin.

Anjumanda boʻlajak forum boʻyicha taqdim etilgan maʼlumotlar bilan tanishtirishda davom etamiz, saytimizni kuzatib boring.

photo5438508304725813966.jpg

 

Malohat Husanova, OʻzA