Qoraqalpogʻiston Respublikasida 128 nafar ayolning uy-joy olishi uchun 5,2 milliard soʻm boshlangʻich toʻlov toʻlab berildi
Oʻzbekiston Xotin-qizlar qoʻmitasi axborot xizmati maʼlum qilishicha, Qoraqalpogʻiston Respublikasida oʻtkazilgan bu kabi bir qator tadbirlarning asosiy maqsadi xotin-qizlarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
2018 yilning oʻtgan davri mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasida 303 nafar ayol uyli boʻldi. Shundan Xotin-kizlar qoʻmitasi qoshidagi Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-kuvvatlash jamoat fondi tomonidan nogironligi boʻlgan va ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 128 nafar ayolga 5 milliard 22 million soʻm miqdorida uy olish uchun dastlabki badal pullari toʻlab berildi.
Yaqinda mazkur qoʻmita tomonidan taxiatoshlik 11 nafar ayolga uylarning kalitlari topshirilishi ham ayollar baxtu iqbolini, saodatli yashashini taʼminlashdek ezgu ishlar bilan hamohangdir.
Oʻzbekiston xotin-qizlar qoʻmitasi davlatimiz rahbarining 2018 yil 2 fevraldagi “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni ijrosini taʼminlash, bu boradagi ishlar samaradorligini oshirish hamda ayollar tadbirkorlik faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga ham alohida eʼtibor qaratmoqda.
Xususan, mamlakatimiz iqtisodiyotida ayollar tadbirkorligi ulushini oshirish, xotin-qizlarga oilaviy va xususiy tadbirkorlikni tashkil etishga koʻmaklashish maqsadida Xotin-qizlar va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2018 yilning oʻtgan davri mobaynida Qoraqalpogʻiston Respublikasiga 3,2 milliard soʻm ajratilgan. Kredit mablagʻlari yillik 7 foiz shart bilan ayollar tadbirkorligini boshlash yoki rivojlantirish maqsadida taqdim etildi.
Joriy yilgi maʼlumotlarga koʻra, Qoraqalpogʻiston Respublikasida 20 mingga yaqin ishsiz ayol aniqlangan. Hozirda ulardan 18 ming 184 nafarini ish bilan taʼminlashga erishilgan.
Nasiba Ziyodulleava, OʻzA